CHIY

CHIY (Losiagrostis caragana Trin.) — boshoqdoshlarga mansub ko’p yillik o’tsimon o’simlik. Bo’yi 2 metrga boradi. Aprel—may oylarida gullab, meva tugadi. Cho’ladirlarda, tog’oldi yon bag’irlarida, qisman tog’larning o’rta mintaqalarida o’sadi. Yem-xashakbop o’simlik bo’lib, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlarida tarqalgan.

CHIY — qamish yoki savag’ich poyasidan tayyorlanadigan mahalliy qurilish materiali. Chiy 1,5—2 metr uzunlikdagi yaxshi pishgan, yorilmagan, sinmagan va barg qinidan tozalanmagan qamish poyasidan yakka-yakka holda qatorlab kanop ip yoki yumshoq sim bilan 3 ipli qilib bog’lab (ikki chekkasi va o’rtasidan) to’qiladi. Shipga qoqilib, ustidan alebastr, ganch yoki somonli loy bilan suvaladi. Bunday ship chiylampa deb ataladi. Chiy uy-ro’zg’or va xo’jalikning boshqa sohalarida (qishda ayvon oldini qordan to’sish, uzumni saqlash, ipak qurti boqishda tag to’shama sifatida) ishlatiladi. 20-asrning 90-yillaridan shaharlarda umumiy ovqatlanish nuqtalari atroflarini o’rab to’sishda («chiy devor») ham Chiyning turli shakllaridan foydalanilmoqda.