CHO’CHQA

CHO’CHQA, xonaki cho’chqa — haqiqiy cho’chqasimonlar turkumi (Sus)ra mansub juft tuyoqli hayvon. Xonaki Cho’chqalar Yevropa, O’rta dengiz va Osiyo to’ng’izlarining kenja turi (Sus scrofa) dan kelib chiqqan. Yevropa va Osiyo guruhlariga bo’linadi. Miloddan avvalgi 5-4-asrlarda xonakilashtirilgan. Ozuqa sharoiti, parvarish hamda uzoq va maqsadli selektsiya natijasida jahonda 100 dan ortiq Cho’chqa zotlari chiqarilgan. Eng ko’p boqiladigan zotlar — yirik oq, landras, yirik qora, dyurok, Shimoliy Kavkaz, Ukraina dasht oq cho’chqasi va boshqalar. Cho’chqaning tana tuzilishi qo’pol, tumshug’i uzun, uchida harakatlanuvchi xartumi bor. Oyoqlari to’rt barmoqli, yelini ikki tizimda joylashgan, 14 so’rg’ichli; tanasi siyrak dag’al qil bilan qoplangan. Erkagining vazni 250-300 kilogramm, urg’ochisi 200— 220 kilogrammga boradi. Cho’chqa chorva hayvonlari ichida eng tez etiluvchi va sermahsul hisoblanadi, 4— 5 oyligida jinsiy yetiladi, 9-10 oyligida qochiriladi. Bo’g’ozlik davri 102-128 kun, yiliga 2 marta bolalaydi va har bolalashida 10 va undan ortiq bola beradi. Cho’chqa bolasining tirik vazni tug’ilganida 1,2 -2 kilogramm, ikki oyligida 16-20 kilogramm, 6-7 oyligida 90-110 kilogramm, 12 oyligida 200 kilogramm tosh bosadi. Bir ona Cho’chqadan bir yilda 20— 22 bola olish va uni boqish mumkin. Boqilgan Cho’chqaning so’yim go’sht chi bola olish va uni boqish mumkin. Boqilgan Cho’chqaning so’yim go’sht chiqimi 70-85% ni tashkil etadi. Ishlab chiqarishda ona cho’chqalar 5-6 yil, erkak cho’chqalar 7 yil foydalaniladi. Cho’chqalar tabiiy va sun’iy usulda qochiriladi. Bir erkak Cho’chqa urug’i bilan 100 dan ko’proq ona cho’chqalarni sun’iy urug’lantirish mumkin. Cho’chqalarni go’sht uchun (Bekon), go’sht yog’ uchun va yog’ uchun boqish usullari mavjud. Cho’chqa go’shti va yog’idan turli oziq-ovqat mahsulotlari (Bekon, vetchina, kolbasa, dudlangan go’sht, rulet, koreyka, shpik va boshqalar) tayyorlanadi. Ishlab chiqarishda Cho’chqa terisidan oyoq kiyimi, egarjabduklar va boshqa narsalar tayyorlashda foydalaniladi. Dunyoning hamma mamlakatlarida, yirik fermalar va xonadon xo’jaliklarida boqiladi.