CHOK

CHOK — 1) chevarlikda — tikish, qirqish, yamash, kashta gullarini tikishda hosil bo’ladigan baxyalar tizmasi, buyumlarning tikib biriktirilgan joyi. Gazlama, charm, teri va boshqalarni tikishda biror buyumni naqshli kashtalar bilan bezash, kiyim tikishda qismlarini biriktirishda qo’llaniladi. Chok qo’lda (igna, angishvona, ilmokli so’zon igna, bigiz va boshqalar bilan) va tikuv mashinasida tikiladi. Chok tekis va pishiq chiqishida ipning sifati katta ahamiyatga ega. Agar ip yaxshi pishitilsa, Chok tekis va zich chiqadi, ip xom pishitilgan bo’lsa, tarang tortilmay, Chok g’adirbudur bo’ladi. Chokda tabiiy (ipak, paxta, jun) va sun’iy tolalardan foydalaniladi. 19-asrgacha Chok, asosan, qo’lda tikilgan. 19-asrning 2-yarmidan Yevropa mamlakatlarida Chokni tikuv mashinada tikishga o’tilgan. Choklar tikish texnikasi, rasmlar mujassamoti va gullari bilan birbiridan ajralib turadi. Badiiy kashtachilikda palak, so’zana, gulko’rpa, zardevor, joynamoz va boshqa badiiy buyumlar qadimda turli xil Chok bilan qo’lda tikilgan. Hozir ham qo’lda, ham maxsus popop mashinalarda tikilmoqda. Tikuvchilikda kiyim qismlarining ip yoki yelim yordamida biriktirilgan joyi Chok hisoblanadi. Vazifasiga ko’ra, Choklar biriktirish, zih va bezakpardozlash Chokiga baxya, tepchima, yoyma, bosma, Qayirma, quyma, qulf, uchma-uch Choklar kiradi. Hoshiya Chok astarsiz va sitiluvchan gazlamalardan tikiladigan kiyimlarning qismlari, qirqimlarini ishlash uchun qo’llaniladi. Kashtado’zlikla eng ko’p tarqalgan Choklar: kuppa, bosma, duro’ya (kanda xayol), Chinda xayol, xomdo’zi, yo’rma, popur, iroqi, ilmoq, chamak bahya va boshqalar; 2) mashinasozlikda metall qismlarning tutashtirilgan joylari; 3) binokorlikda — terilgan g’ishtlar, bloklarning oralig’i, panelli uylarda panellar tutashgan joylar. Bino va inshootlarning bir qismini ikkinchisidan ajratadigan ensiz oraliq konstruktiv Chok deyiladi. Bunday Chok temperatura, cho’kish va seysmik Chokga bo’linadi. Temperatura Choki traning o’zgarishidan, cho’kish Choki imoratning cho’kishidan vujudga keladigan qo’shimcha zo’riqishlarning oldini oladi, seysmik Chok binolarni silkinishda buzilishdan asraydi. Amalda ko’pincha bu 3 ta chok vazifasini bitta chok bajaradi, ya’ni 3 ta chok o’rniga bitta chok qoldiriladi.