CHOLOTA QO’RG’OSHIN-RUX KONI
CHOLOTA QO’RG’OSHIN-RUX KONI — Tojikiston Respublikasi Sug’d viloyatidagi kon. Oltintopgan shaharchasidan 1,5 kilometr g’arbda, Qoramozor (Qurama tog’larining g’arbiy tarmog’i) ning Janubiy g’arbiy qismida joylashgan. 1940 yilda ochilgan. Uning geologik tuzilishida terrigen, cho’kindivulkanogen, karbonat xamda cho’kindivulkanogen yotqiziqlar mavjud. Cholota rudali maydoni Cholota, Oltintopgan va otquloq yoriqlaridan hosil bo’lgan tektonik blokni tashkil qiladi. Qo’rg’oshinrux ruda minerallari, asosan, skarnlar ichidan o’rin olgan. Ruda tarkibida, asosan, pirit, pirrotin, sfalerit, galenit, xalkopirit, ba’zan magnetit, gematit va boshqalar bor. Konda, qo’rg’oshin va ruxdan tashqari, sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan kumush, kadmiy mavjud. Ruda jismlarining uzunligi 200-700 metr, qalinligi 4,4—7,2 metr. Qo’rg’oshinning tarkibi: rudali tanalarda 2,12% dan 0,96% gacha.