CHO’PXINA

CHO’PXINA, yovvoyi xina (Impatiens parviflora) — xinadoshlarga mansub bir yillik o’t. Poyasi tik, bo’g’inlari yo’g’on, uchi shoxlangan, bo’yi 30-50 santimetr, popuk ildizli, tuksiz, nozik, chiroyli. Barglari oddiy, qisqa bandli, butun, tuxumsimon yoki ellipssimon, chetlari tishli. Gullari sariq, ikki jinsli, mayda, sachok to’pgul hosil qiladi. Mevasi qalamsimon, bo’yi 15-20 millimetr, ko’p urug’li. Cho’pxina iyunda gullaydi, iyuldan to sentabrgacha mevalaydi. Tog’va adirlarning nam va soya yerlarida, qoyalarning yoriqlarida, daraxtlar tagida o’sadi. Toshkent, Farg’ona, Samarkand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida voha va bog’larda begona o’t sifatida uchraydi. Cho’pxinadan bo’yoq olinadi.