CHORDARA SUV OMBORI
CHORDARA SUV OMBORI — Sirdaryoning o’rta oqimida sug’orish-energetika maqsadlarida barpo etilgan gidrotexnika inshooti. Qozog’iston Respublikasi Janubiy Qozog’iston viloyati va O’zbekiston Respublikasining Jizzax viloyati hududlarida joylashgan. 1965 yilda qurib bitkazilgan, 1965— 68 yillarda suv bilan to’ldirilgan. To’liq sig’imi 5,7 milliard metr kub, foydali sig’imi 4,7 milliard metr kub. Uzunligi 80 kilometr, o’rtacha eni 15 kilometr, o’rtacha chuqurligi 6,3 metr, maksimal chuqurligi (to’g’oni yonida) 22 metr; suv sathi yuzasi 900 kilometr kvadrat. Tarkibida 4 tuproqli tug’on, suv taqsimlagich (suv tashlagich), GES (quvvati 1000 MVt) bor. Chordara suv ombori Chordara shahri yaqinida Jovsumqum qiridagi Chordara va Arnasoy botig’i boshlanishida barpo etilgan. Chordara suv omborining o’ng qirg’og’i tik, chap qirg’og’i qiyalik. Suv omborining g’arbiy qismida, to’g’ondan yuqorida Arnasoy botig’iga suv tashlamasi bo’lgan ikkinchi to’g’on qurilgan. Asosiy to’g’onga yaqin joydan Qozog’iston (Sirdaryoning chap sohilidagi yerlar) ga suv beradigan Qizilqum magistral kanali boshlanadi. Oktabrdan martgacha to’ldiriladi, apreldan sentabrgacha suv olinadi. Qayroqqum suv ombori bilan birgalikda Mirzacho’ldagi yangi yerlarni sug’orish va Qozog’istondagi sug’oriladigan yerlarni suv bilan yanada yaxshiroq ta’minlashga xizmat qiladi. Baliqchilik xo’jaliklari bor.