CHORMITON OLTIN KONI

CHORMITON OLTIN KONI — Samarqand viloyatining Qo’shrabot tumani markazidan 14 kilometr shimoli Sharqdagi kon. 1953 yil N. Hamroboyev tomonidan ochilgan. Shimoliy Nurota tizmasining Markaziy qismida Qo’shrabot granitoid intruziv majmuasining Janubiy Sharqiy ekzo va endokontaktlarida joylashgan. Rudalar o’rta silur davriga mansub jezbuloq svitasining vulkanogenterrigen yotqiziklari: ohaktosh, tufli qumtosh, tufalevrolit, diabaz, porfir sillari mavjud loyli slaneslari, alevrolitlari, qumtoshlarining Qo’shrabot intruziyasi ta’sirida gidrotermal o’zgargan — metamorflashgan turlarida (andaluzitli slaneslar, biotitdala shpatli rogoviklar, marmarlar, skarnlar) uchraydi. Kon tuzilishi asosida tektonik jarayonlarining rivojlanishi — qorovulxona — Chormiton siniqlik zonasi hamda undan tarmoqlangan shimoliy g’arbiy yo’nalishdagi shoxobchalar, ayniqsa, «ot dumi» shaklida elpig’ichsimon rivojlangan tik yotuvchi va kon maydonini alohida bloklarga bo’luvchi sinikliklar yotadi. Kondagi oltin rudalari, asosan, tomirlar shaklida uchraydi; uzunligi 1,5 kilometrgacha, qalinligi 1-3 metrgacha, chuqurligi 1 kilometrdan ziyod. Chiziqli shtokverksimon va plitasimon ruda tanalari ham uchraydi. Tanalardagi oltin miqdori 10 gramm/tonna atrofida. Tarkibi bo’yicha kon rudalari kam yoki me’yordagi sulfidli, nisbatan oson kayta ishlanadigan (gravitasiyaflotasiya usuli) turga mansub. Asosiy minerallar: pirit, arsenopirit, kamroq sheelit, volframit, pirrotin, xalkopirit, sfalerit, galenit, sulfatuzlar va oltin minerallari. Norudalardan — asosan, kvars, kamroq dala shpati, kaltsit. Oltinning sofligi o’zgaruvchan bo’lib, 500-950 ni (tashkil etadi. Kon, asosan, yer osti usulida qazib olinadi.