CHU VILOYATI

CHU VILOYATI — Qirg’iziston Respublikasi tarkibidagi viloyat, respublika shimolda. Maydoni 18,8 ming kilometr kvadrat. Aholisi 747,9 ming kishi (1995), asosan, qirg’izlar va ruslar, shuningdek, o’zbek, ukrain, nemis, tatar, dungan, uyg’ur va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tarkibida 11 tuman, 5 shahar va 7 shaharcha bor. Qirg’iziston poytaxti (Bishkek) ham viloyat hududida joylashgan. Undan tashqari, to’qmoq, Qorabolta, Kant, Shopokov shaharlari mavjud. Markazi — Qorabolta shahri. Viloyatning relefi tog’li. Balandligi 5000-5500 metr. Chu viloyati hududiga Chu va tog’ oralig’idagi katta Kebin vodiylari, shuningdek, ularni o’rab turgan qirg’iz, ili, kungay Olatovlarining yon bag’irlari kiradi. Vodiyning g’arbiy va o’rta qismlari deyarli tekislik. Qirg’iz Olatovining etaklariga yaqin tomoni hamda qirg’iz, ili Olatovlari egallagan Sharqiy qismi biroz qiya. Vodiyning sharqida Chu daryosining o’ng sohilida Kebin vodiysi joylashgan. Vodiydan Janubda daralar bilan bo’lingan o’rtacha balandlikdagi tog’tarmog’i bor. 3500 metrdan yuqorida ko’p yillik muzlik, qoyalar, muzli mintaqalar boshlanadi. Qirg’iz Olatovidagi dovonlarning hammasi 3000 metrdan baland. Tog’ning eng baland joyi Olaarcha va Alameddin daryolarining boshlanishida joylashgan. Ayrim tog’ cho’qqilari 4500 metr balandlikda. Sharqda ili va kungay Olatovlarining oralig’ida katta Kebin vodiysi, vodiy ichkarisida Ko’koyroq yaylovi joylashgan. Foydali qazilmalardan polimetall rudalari, rangli metallar, nometallardan osh tuzi, gips, marmar, sienit, granit, mergel, shag’al, slanes va boshqalar bor. Gaz, neft resurslari o’rganilgan. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, ayrim yillari qishda qattiq sovuq bo’ladi. Bahori qisqa, mart oxiridan havo isiy boshlaydi. Iyulning o’rtacha temperaturasi 22°— 25°. Eng yuqori temperatura 44°. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -7°. Eng past temperatura -40°. Qor 75-90 kungacha erimay turishi mumkin. Yiliga vodiyda 270-400 millimetr, tog’yon bag’irlarida 500-600 millimetr yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 220-230 kun. Daryolari Chu daryosi havzasiga mansub. Eng katta daryosi — Chu. Uning o’ng irmoqlari — katta va kichik Kebin daryolari, chap irmoqlari — Jeraliq, Toldibuloq, Shamish, Burana va boshqalar. Issiq va mineral buloqlar bor. Sun’iy ko’l ko’p. Sharqiy, G’arbiy, Janubiy Katta Chu sug’orish kanallari va O’rtato’qay suv ombori qurilgan. Chu, Kebin vodiylarining tekislik qismida bo’z tuproq, ayrim joylarda nam va sho’r tuproq; och tusli qo’ng’ir tuproklar ham uchraydi. Tog’ etaklarida och tusli va qora qo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Tabiiy o’simliklardan shuvoqefemerli chala cho’l o’simliklari, shuvoqg’alladoshlar, chalov shuvoqli o’tlar, qamish va butasimonlar uchraydi. Tog’ etaklari, asosan, chalov va qoraqiyoq o’simliklarga boy. Tog’ yon bag’irlarida o’tloqlar, baland qismida butazor va o’rmonlar mavjud. Qirg’iz Olatovidagi daralarda, katta Kebin vodiysida qarag’ay, qayin, archa, chetan daraxti va boshqalar o’sadi. 3600 metrdan yuqorida glyasialnival mintaqa joylashgan. Yovvoyi hayvonlardan tog’ takasi, kiyik, arxar, silovsin, tulki, bo’ri, qunduz, sug’ur va boshqalar, suvlarda har xil baliqlar, g’oz, o’rdak, ondatralar bor. Olaarcha daryosi darasida milliy bog’ tashkil etilgan. To’qmoqda qirg’ovullarni ko’paytirib tarqatish xo’jaligi, Oqsuv davlat kompleks qo’riqxonasi, jarli Qayindi, Kebin davlat zoologiya qo’riqxonlari mavjud. Viloyatda rangli metallurgiya, yog’ochsozlik va mebelsozlik, mashinasozlik, qurilish materiallari, yengil, oziq-ovqat sanoatlari bor. «Goldstar» radiozavodi, «Torgmash», ta’mirlashmexanika, Chu metall buyumlari ishlab chiqarish, Qayindi kabel zavodlari, «Qirg’izmebel» ishlab chiqarish birlashmasi, to’qmoq ipyigiruv fabrikasi, Qirg’iz kamvolmovut kombinati, yirik panelli uysozlik zavodi, kigiz, mo’yna fabrikalari, oziq-ovqat sanoati (konserva, yog’-pishloq, shakarqand, araqlikyor, tamaki, pivo zavodlari, go’sht, un va boshqalar) korxonalari ishlab turibdi. Chu viloyatida dehqonchilik va chorvachilik rivojlangan. Dehqonchilikning asosini g’allachilik tashkil etadi. Qand lavlagi, mavrak, yalpiz, sabzavot, kartoshka, poliz, ozuqa ekinlari ekiladi. Mevachilik, tokchilik taraqqiy etgan. Qoramol, cho’chqa, parranda, shuningdek, yilqi, quyon, tulki, nutriya boqiladi. Viloyat hududidan Lugovaya — Bishkek — Kebin — Baliqchi temir yo’l o’tgan (Chu viloyatidagi uzunligi 186 kilometr). Vodiydan Talas, O’sh, Toshkent, Olmaota, Baliqchi, Noringa magistral avtomobil yo’llari ketgan. Bishkek shahri yaqinidagi «Manas» aeroporti vodiyni Olmaota, Ostona, Toshkent, Moskva, Istanbul, Dehli, Qorako’l, O’sh, Norin, Jalolobod va boshqa shaharlar bilan bog’laydi. 300 ga yaqin umumiy ta’lim maktabi, oliy o’quv yurtlari, muzey, teatr, madaniyat saroylari bor.