CHUMOLILAR
CHUMOLILAR (Formicidae) — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. 1 va 2-qorin bo’g’imlari ingichkalashib, ko’krak bilan qo’shiladigan poyachani hosil qiladi. Boshi katta, jag’lari kuchli rivojlangan (kemiruvchi og’iz organlari). Chumolilar jamoa (oila) bo’lib yashaydi. Chumolilar oilasi bir necha ming, hatto millionlab individlardan tarkib topgan. Oilada ko’p minglab ishchi Chumolilar, qanotli o’nlab erkaklari va bir necha ona chumoli bo’ladi. Erkak Chumolilar faqat ko’payish davrida paydo bo’lib, urug’lanishdan so’ng o’lib ketadi. Ishchi Chumolilar jinsiy organlari rivojlanmagan urg’ochilardan iborat. Ona Chumolilar urchish davrida paydo bo’ladi; urchishdan so’ng qanotini tashlab, tuxum qo’ya boshlaydi, 20 yilgacha yashaydi. Ishchi Chumolilar oilani oziq bilan ta’minlaydi, uyani qo’riqlaydi (navkarlar) yoki suyuq zaxira oziqni saklaydigan asalli bochkachalar hosil qiladi va boshqa vazifalarni bajaradi. Chumolilar polimorfizmining boshqarilishi urg’ochilarining har xil kattalikda tuxumlar qo’yishi, lichinkalarining rivojlanishiga ta’sir ko’rsatishi, lichinkalarni oziqlantiruvchi boshchi Chumolilarning fiziologik holati yoki hatti-harakati va boshqa omillar bilan bog’liq. Chumolilarning yaxlit oila sifatida hayot kechirishida oiladagi individlar orasida oziq moddalar va sekretsiya bezlari suyuqligi bilan almashinib turishi (trofallaks), tuxum qo’yuvchi urg’ochisi bilan ishchi Chumolilar o’rtasida kimyoviy sezgi orqali bog’lanish borligi katta ahamiyatga ega. Oila hayotini boshqarishda, ayniqsa, Feromonlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ayrim oilalarning o’zlari oziqlanadigan joylari bo’ladi. Bir qancha Chumolilar turlari bir necha oilani birlashtiruvchi koloniyalar hosil qiladi; oilalar o’zaro individlar va oziq moddalar almashinib turishadi; birgalikda o’zlariga tegishli hududni qo’riqlashadi. Chumolilar tuproqda, toshlar ostida, chiriyotgan daraxtlar tanasiga (yog’ochxo’r Chumolilar) uya quradi. Ba’zan tomi yer yuzasiga konus shaklida chiqib turadigan qilib, quruq shoxlardan uyayasaydi. Chumolilar tuproqdajuda murakkab, ko’p kamerali in quradi. Sariq o’rmon Chumolilarining ini yer osti labirint va yer usti gumbazdan iborat. Inning yer osti qismida 1-3 metr chuqurlikkacha boradigan murakkab tarmoqdangan yo’laklar bo’ladi; bu yerda ular qishlaydi. Inning yer usti qismida esa qurtlari rivojlanadi. Bir qancha tropik Chumolilar barglarni tikib uya yasaydi. Tropik mintaqalarda tarqalgan daydi Chumolilar uyasi bo’lmaydi. Chumolilar turli xil hasharotlar, o’simliklar urug’i, shuningdek, gul nektari, o’simlik shiralari va koktsidlar ajratadigan shira bilan oziqlanadi. Ko’pchilik turlari o’z uyasida oziq bo’ladigan hasharotlar va zamburug’larni ko’paytiradi. Ayrim Chumolilarning o’z ishchilari bo’lmaydi. Ular boshqa oilaga mansub turdan ishchi Chumolilarni o’g’irlab olib kelishadi. Bir qancha turlari (mas, sariq o’rmon chumolisi) zararkunanda hasharotlarni qirib, katta foyda keltiradi. O’rta Osiyo faunasida Chumolilarning 100 ga yaqin turi uchraydi. Cho’l zonasida tarqalgan Faeton chumoli mayda zararkunanda hasharotlar, yovvoyi o’simliklar doni, nektar bilan, cho’l va dashtlarda tarqalgan qir chumoli o’simliklar doni bilan oziklanadi; bog’ qora chumolisi shira bitlari ajratadigan shirin suyuqlikni yalaydi; ularni boshqa yirtqich hasharotlardan himoya qilishi bilan qishloq xo’jaligiga ziyon keltiradi. Xonadonlarda ko’p uchraydigan sariq Fir’avn chumolisi shirinlik va yog’li oziq-ovqat mahsulotlarini yeydigan zararkunanda hisoblanadi. Ad.: Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998; Nasekomie Uzbekistana, T., 1993.