CHUSOVITINA OKSANA ALEKSANDROVNA
CHUSOVITINA OKSANA ALEKSANDROVNA (1975.19.6, Buxoro) — gimnastikachi, O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan sportchi (1992), Olimpiada o’yinlari chempioni (1992, Barselona). Chusovitina O’zbekistonda va Jahonda xizmat ko’rsatgan murabbiy Svetlana Kuznesova rahbarligida 7 yoshidan sport gimnastikasi bilan shug’ullanadi. U Toshkentdagi Respublika Olimpiya o’rinbosarlari bilim yurtini (1994) va O’zbekiston jismoniy tarbiya institutini (2000) tugatgan. 1989 yildan O’zbekiston jismoniy tarbiya va sport qo’mitasida gimnastika bo’yicha sport yo’riqchisi. Chusovitina Osiyo chempioni (1996, Changjou), 2 karra Osiyo o’yinlari g’olibi (2002, Pusan), 3 karra jahon chempioni (1991, Indianapolis — 2 karra; 2003, Anaxaym), jahon kubogi g’olibi (2002, Shtutgart), 2 karra yaxshi niyat o’yinlari g’olibi (1990, Sietl), ko’plab nufuzli musobaqalarda sovrindor bo’lgan. U 4 ta Olimpiada o’yinlari (1992, 1996, 2000, 2004) da qatnashgan dunyodagi yagona gimnastikachi. Chusovitina «Yilning eng yaxshi sportchisi» (2003) deb topilgan. «Do’stlik» (1996) va «Mehnat shuhrati» (2000) ordenlari bilan mukofotlangan.