DADAMUHAMEDOV FASIHIDDIN G’ULOMOVICH

DADAMUHAMEDOV FASIHIDDIN G’ULOMOVICH (1953.26.5, Toshkent) — zargar, O’zbekiston Respublikasi xalq, ustasi (1998). Toshkent san’at institutini tugatgan (1975). Usta zargar N. Xolmashovdan hunar o’rgangan. 1985 yildan «Usto» birlashmasida zargar-usta, 2000 yildan xususiy ustaxonasida mehnat qiladi. Dadamuhaedov ijodida milliy zargarlik uslubini tikladi, an’analarini uyg’unlashtirdi va rivojlantirdi, shabaka, zig’irak, qolipaki, bosma usullarida buyumlar yaratdi: zirak, uzuk, bilaguzukdan iborat «Bozband», «Panjara tumor», «Uch ko’za» va boshqa to’plamlar, tillaqosh, zebigardon, uzuk, zirak va boshqa taqinchoqlar; buyumlar bezagida o’simliksimon naqshlarni keng qo’llaydi. Dadamuhamedov yaratgan buyumlardan namunalar respublika va chet mamlakatlar (AQSh, Angliya, Frantsiya, Isroil, Rossiya, Polsha va boshqalar) muzeylari, xususiy to’plamlarda saqlanadi.