DAKTILOLOGIYA
DAKTILOLOGIYA (Yunoncha daktilo… va …logiya) — nutq shakli; o’ziga xos tarzda qo’l barmoqlari yordamida gaplashish. Muayyan alifbodagi har bir harfni ifodalash uchun barmoqlarga turlicha shakl beriladi. Daktilologiyada bir yoki ikkala qo’l barmoqlaridan foydalanish mumkin (asosan o’ng qo’l barmoqlaridan foydalaniladi). Daktilologiya kar, kar-soqovlarning oson va tez so’zlashuviga imkon beradi. Kar va kar-soqovlar Daktilologiya belgilarini ko’zi bilan qabul qiladi. Kar bolalar uchun bog’cha va maktabning boshlang’ich sinflarida Daktilologiyadan asosiy o’qitish vositasi sifatida, shu maktabning yuqori sinflarida esa undan yordamchi o’qitish vositasi sifatida foydalaniladi. Kar-soqovlarga ta’lim berishda Daktilologiya birdan-bir muomala vositasidir.