DALA SHPATLARI

DALA SHPATLARI — yer po’stida eng ko’p tarqalgan, karkasli silikatlar kichik sinfiga mansub jins hosil qiluvchi minerallar guruhi. Yer po’sti og’irligining 50% ini tashkil etadi. K, Na, Ca, va alyumosilikatlarning izomorf qorishmalari. Taxminan 60% magmatik, 30% metamorfik jinslarda, 10% qumtosh va konglomeratlarda uchraydi. Rangsiz, tarkibida uchraydigan gematit qo’shimchalarga qarab och kulrang, oq, yashilroq (albit, anortit), och pushti, qizil (ortoklaz), yashil (amazonit) bo’ladi. Qattiqligi 6-6,5. Zichligi 2,6—2,8 gramm/santimetr kub. Dala shpatlari kimyoviy tarkibiga ko’ra 3 guruhga: natriy-kaltsiyli — plagioklazlar; ishqorli (kaliy-natriyli) — sanidin, ortoklaz, mikroklin, anortoklaz va boshqalar; kam uchraydigan kaliybariyli — gaalofanlarga bo’linadi. Dala shpatlari monoklin (gialofan, ortoklaz) va triklin (plagioklaz, anortoklaz, mikroklin) singoniyasida kristallanib, shakllari bir-biridan kam farq qiladi. Ko’pincha plastinka, prizma (ortoklaz, mikroklin, gialofan) ko’rinishida bo’ladi. Dala shpatlarida qo’shaloq kristallar ko’p uchraydi. Kaliy-natriyli Dala shpatlari oddiy qo’shaloklar, natriy-kaltsiyli (plagioklazlar)da murakkab qo’shaloqlar hosil qiladi. Sanidinda Si va A1 tartibsiz, mikroklinda tartibli joylashgan. Yuqori temperatuada kristallanadigan kaliynatriyli Dala shpatlari tartiblangan. Plagioklazlar yuqori (Si, A1 tartibsiz joylashgan) va past tamperatuada (Si, A1 tartibli) kristallanadi va shuningdek, oraliq turlari bo’ladi. Dala shpatlari tog’ jinslarini tasniflashda asos bo’lib xizmat qiladi. Tog’ jinslarining muhim turlari: intruziv — granitlar, sienitlar, dioritlar; effuziv — andezitlar, bazaltlar; metamorfik — gneyslar, slaneslar asosan Dala shpatlaridan tashkil topgan. Cho’kindi jinslarda Dala shpatlari mineral bo’laklari uchraydi. Oydagi tog’ jinslarida (oy bazaltlari, gabbro, anortozitlar) faqat plagioklazlar aniqlangan. Dala shpatlari tarkibining keng variatsiyaliliga tufayli geologik-petrografik tadqiqotlarda muhim rol o’ynaydi. Sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan yirik kristallari pegmatitlarda kvars, ko’pincha slyudalarning yirik kristallari bilan birga uchraydi. O’zbekistonning g’arbi (Ketmonchi, Lolabuloq, Langar) va Rossiya Federatsiyasining shimoli-g’arbida pegmatitlar ko’p. Amazonitning mashhur konlari Rossiya Federatsiyasidagi Ilmen tog’larida, tovlanuvchi plagioklazlar Uralda, qoramtir labradoritlar Ukrainada topilgan. Dala shpatlarining nurashi natijasida kaolin konlari, tropik, subtropik iqlim sharoitida laterit mahsulotlari vujudga keladi. Dala shpatlarining chiroyli tovlanadigan oy toshi, avantyurin, Labrador, amazonit xillari bezak buyumlari tayyorlashda, ayrim xillari elektr izolyatorlar, farfor va tsement, oyna-shisha tayyorlashda ishlatiladi. Ll. Hamraboyev I. H., Rajabovf. Sh., Petrografiya asoslari, T., 1984.