DALYAN

DALYAN, Dayren — Xitoyning shimoli-sharqidagi shahar, Lyaonin provintsiyasida, sariq dengizning Dalyanvan qo’ltig’i sohilidagi port (kJ ortib-tushirish yiliga 50 million tonna). Lyuyshun shahri bilan birga Lyuyda ma’muriy rayoni tarkibiga kirgan. Aholisi 5,4 million kishi (1998). Baliq ovlash bazasi. Tashqi savdoning muhim markazlaridan. Metallsozlik va mashinasozlik (kemasozlik), metallurgiya (po’lat erituvchi zavod), elektronika, qurilish, oziq-ovqat korxonalari bor. Dalyan 19-asr birinchi yarmida baliqchilar qishlog’i bo’lib, avval Tsinniv, 1860 yildan Dalyan deb atalgan. 1898 yildagi konventsiyaga binoan Rossiya bu hududni Xitoydan ijaraga olgach, Dalniy deb nom oladi va shahar qurila boshladi. Dalyan 1904 yildan 2-jahon urushi oxirigacha Dayren nomi bilan yaponlar qo’l ostida bo’ldi. Rossiya-Xitoy shartnomasiga binoan Xitoy hukumati 1945 yil 14 avgustdan Dalyanni erkin port deb tan oldi. Port barcha jihozlari bilan Rossiyaga ijaraga berildi. 1950 yil 14 Fevraldagi Rossiya-Xitoy bitimiga binoan Dalyan porti jihozlari bilan o’sha yili Xitoyga qaytarildi. Dalyanda tibbiyot, politexnika, va boshqa oliy o’quv yurtlari bor.