DANG’ARA TUMANI

DANG’ARA TUMANI — Farg’ona viloyatidagi tuman. 1939 yil 10 Fevralda tashkil etilgan (1962 yil 24 dekabrda Pop tumani bilan birlashtirilgan. 1970 yil 7 dekabrda qayta tuzilgan). Dang’ara tumani viloyatning Buvayda, Uchko’prik, O’zbekistan, Furqat tumanlari, Qo’qon shahri, Namangan viloyatining Pop tumani, Tojikiston Respublikasining Asht tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,45 ming kilometr kvadrat. Aholisi 122,4 ming kishi (2000). Dang’ara tumanida 1 shaharcha (Dang’ara), 8 qishloq fuqarolari yig’ini (Mulkobod, Naymancha, Oqjar, sanam, Taypoq, Chinobod, Qiyali, g’alaba) bor. Markazi — Dang’ara shaharchasi. Tabiati. Dang’ara tumani relefi asosan tekislik. Uning Janubiy-g’arbiy qismi So’x yoyilmasining shimoliy-g’arbiy chekkasida, shimoliy-g’arbiy qismi esa Sirdaryoning birinchi va ikkinchi terrasalarida joylashgan. To’rtlamchi davrning gil, qumoq va qumlari tarqalgan. Tumanning shimoli-g’arbida barxan, do’ng qumlar bor. Iqlimi kontinental iqlim. Yozi issiq, qishi birmuncha yumshoq. Iyulning o’rtacha temperaturasi 26,8°, yanvarniki -2,2°. Vegetatsiya davri 220 kun. Yiliga o’rtacha 110 millimetr yog’in tushadi. Bahor va kuzda kuchli «Qo’qon shamoli» esadi. Dang’ara tumanida Naymansoy, Oqtepasoy, Urganji ariqlari bor. Tuman hududidan Sirdaryo oqib o’tadi. Sirdaryo suvi Abdusamat va Olxamak nasos stansiyalari orqali chiqariladi. Artezian va drenaj quduqlari yordamida yer osti suvlaridan ham foydalaniladi. Tuproqlari asosan sug’oriladigan o’tloq, qumli o’tloq va sho’rxoklardan iborat. Yovvoyi o’simliklardan qumliklarda saksovul, Qandim, yulg’un, pastqamliklarda yantoq, shuvoq, oqbosh, sho’rxoklarda qorabaroq, baliqko’z, to’rg’ayo’t, Sirdaryo sohillarida turang’il, tol, ching’il va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan chiyabo’ri, tulki, bo’ri, to’qay mushugi, kemiruvchilar, qushlardan chumchuq, hind maynasi, to’rg’ay, o’rdak, qashqaldoq, qirg’ovul va boshqalar yashaydi. Aholisi, asosan o’zbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. 1 kilomeetr kvadratga o’rtacha 272 kishi to’g’ri keladi. Aholining 90% dan ko’prog’i qishloqlarda istiqomat qiladi. Xo’jaligi, asosan paxta etishtirishga ixtisoslashgan.Pillachilik, g’allachilik, bog’dorchilik, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik rivojlangan. Qishloq xo’jaligida foydalaniladigan yerlar maydoni 32,5 ming gektar. Dang’ara tumanidagi jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda 13 ming qoramol, 16 ming qo’y-echki, 15 ming parranda boqiladi. 6 sanoat korxonasi, 10 qurilish-ta’mirlash tashkiloti, 2 avtokorxona, 9 savdo va tayyorlov shoxobchasi, bo’rdoqichilik bazalari, o’rmon va baliqchilik xo’jaliklari mavjud. 1997 yilda Soyshildir tikuvchilik fabrikasi, Dang’ara konserva zavodi ishga tushirildi. 330 dan ortiq kichik korxonada turli mahsulotlar ishlab chiqariladi. Dang’ara tumanida 1 jamoa xo’jaligi, 5 shirkat mavjud. Dang’ara tumanidan Toshkent—O’sh—Qashqar, Qo’qon—Xo’jand, Qo’qon —Namangan, Qo’qon—Jomashuy avtomobil yo’llari o’tgan. 40 ga yaqin umumiy ta’lim maktabi, 2 kollej bor. Dang’ara tumanida 6 madaniyat saroyi, 53 kutubxona, 67 sog’liqni saqlash muassasasi, 6 kasalxona mavjud. 1941 yildan «G’alaba» tuman gazeta chiqadi (adadi 5496).