DARBAND

DARBAND — Rossiya Federatsiyasining Dog’iston Respublikasi Janubi-sharqidagi shahar. Kaspiy dengizi bo’yidagi port. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 82 ming kishi (1992). Darband — Dog’istonning yirik sanoat markazlaridan biri. «Elektrosignal», metall sillikqlash stanoklari zavodlari, oziq-ovqat (jumladan vino tayyorlash, meva konservalash), jun yigirish va gilam fabrikalari, teatr, o’lkashunoslik, tarix-me’morlik muzeylari bor. Darbanddan Grozniyga neft quvuri o’tkazilgan. Darband 438 yilda tog’ yon bag’ridagi tepalikka qurilgan Norinqal’a harbiy istehkomi sifatida vujudga kelgan. Keyinroq qal’adan dengizgacha parallel qurilgan 2 noyob tosh devor oralig’ida shahar kengaya bordi. Xusrav I Anushirvon 6-asr o’rtalarida qurdirgan bir necha darvozali, minorali devorlar Kavkaz tog’lari bilan dengiz oralig’idagi kambar (3 kilometr) yo’lakni shimol va Janubdan to’sib turgan va o’rta asrlarda muhim harbiy-strategik ahamiyatga ega bo’lgan. Darbandda uylar toshdan qurilgan. Keyinroq bozor maydonida jome masjidi barpo qilingan. Darband nomi 7-asrdan boshlab uchraydi. 627 yil qal’ani xazarlar egallagan. Shahar 7-9-asrlarda Arab xalifaligiga kirgan va musulmon olamining eng chekka qal’asi hisoblanib, Kaspiy dengizi sohilidagi yirik port shahar sifatida ma’lum bo’lgan. Tashqariga zig’ir gazlama va ro’yan chiqarilgan. 10-asrda sultonlik poytaxti. 13-asrda mo’g’ullar vayron qilgan. Bu davrda shahar mo’g’ulcha Qahlag’a, turkcha temir Qapig’ deb atalgan. To’xtamishxon Darbandda o’z nomidan tanga zarb qildirgan. Amir Temur To’xtamishxonga qarshi urushganda va orqaga qaytishda Darbandda bo’lgan (1395— 96). Shahar 15-asr o’rtalarida tushkunlikka uchragan. 1509 yildan Eron tarkibida, 1578-1606 yillarda Turkiya tarkibida bo’lgan; Eron shohi Abbos davrida dengizda tosh minora qurilgan. 1722 yilda Rossiya bosib olgan, 1735 yilda yana Eronga o’tgan. 1747 yildan Darband xonligining poytaxti. 1765 yildan Kuba xoni Fatxalining qarorgohi. 1796 yil Darbandni yana Rossiya egallagan, 1806 yil qayta bosib olgan. Darband eski va yangi (19-20-asrlarda qurilgan) dahadan iborat. Me’moriy yodgorliklaridan jome masjidi majmuoti (8— 14 asrlar) va madrasa (15-19-asrlar), Minorali masjid (14— 19-asrlar), Qirqlar masjidi (17-asr), qadimgi karvonsaroylar, ravoq gumbazli hammomlar (17-18-asrlar), xon maqbarasi (18-asr), Norinqal’a qoldiklari, devorning ayrim qismlari va boshqalar saqlangan. Ad.: Xan-Magomedov S. O., Derbent, M, 1958. Abduqayum Abdurahimov.

DARBAND (fors, dar — eshik, dara; band — mustahkam, berk, tugun, to’siq) — 1) ikki tog’orasidan, daradan o’tgan yo’l. Surxondaryo viloyatidagi Bo’zgalaxona darasi Darbandi Ohanin deb atalgan. Dog’iston Respublikasidagi Darband shahri nomi ham Darband so’zidan olingan; 2) eski adabiyotlarda: chegara, had, ba’zan qal’a, chegaradagi istehkom.