DARGOMIJSKIY ALEKSANDR SERGEYEVICH

DARGOMIJSKIY ALEKSANDR SERGEYEVICH (1813.2.2, Tula gubernyasi — 1869.5.1, Peterburg) — rus kompozitori, Rossiya kompozitorlik maktabi asoschilaridan. Dargomijskiy asarlarida ijtimoiy, hajviy va lirik-falsafiy mavzular ilgari surilgan. «Suv parisi» (Pushkinning shu nomli asari asosida, 1855) operasida yangi — xalqchil-psixologik musiqiy dramaturgiya yuzaga keldi. «Tosh mehmon» operasida mazkur janrning islohoti davom ettirilgan. Dargomijskiyning romanslarida yangicha shakllar rivoj topdi: lirik-dramatik monolog, ballada, hajviy-tanqidiy va maishiy mavzulardagi qo’shiq va boshqalar. Vokal uslubini yangilash yo’lida Dargomijskiy rechitativ ifodaviyligini har bir so’z ma’nosidan kelib chiqqan holda boyitgan. Dargomijskiyning romans, qo’shiq va operalari, simfonik orkestr uchun yaratilgan «Yalmog’iz kampir» hajviy fantaziyasi O’zbekistonda keng ijro etilmoqda.