DARVESHALI

DARVESHALI (15-asr o’rtasi — 16-asr boshi) — Balx hokimi (1482-90). Alisher Navoiyning ukasi. Navoiy vazirlik vaqtida (1472) uning kitobdori bo’lgan. 1482 yil amirlik unvoni beriladi va u Sulton Xusayn Boyqaroning voyaga yetmagan o’g’li Ibrohim Husayn nomidan Balxni idora qila boshlagan. Darveshali Majididdin va uning tarafdorlari tomonidan Alisherga qarshi qilinayotgan bo’hton va adolatsizliklardan norozi bo’lib, 1490 yil Hisor hokimi Sulton Mahmud qutqusi bilan Sulton Husayn Boyqaroga qarshi bosh ko’targan. Sulton Husayn Boyqaro Navoiyga «agar Darveshali yarashsa, uni o’zimga eng yaqin kishi qilaman, hech qanday jazoga mustahiq qilmayman», degan bo’lsada, Darveshali tavba qilib kelganda, uni Sulton farmonini qalbakilashtirishda ayblab, zindonga soldirgan. 1494 yil Darveshali Makkaga hajga borishga ruxsat oladi. Qaytib kelgach, 1498 yil Sulton Husayn Boyqaro, o’g’li Marv hukmdori Abul Muhsin Mirzo huzuriga Darveshalini elchi qilib jo’natadi. Navoiy vafotidan (1501) so’ng Darveshali Bobur xizmatiga o’tadi. 1511 yilda Bobur Samarqandni olganda Darveshali u bilan birga bo’lgan. Uning shundan keyingi taqdiri noma’lum.