«DASHNAKTSUTYUN»

«DASHNAKTSUTYUN» (Armancha -«Ittifoq») — arman millatchilari partiyasi. 1890 yшдda Tiflisda tuzilgan. Turkistonda mahalliy aholiga qarshi qirg’inlar uyushtirgan (1918-19). A’zolari o’zlarini «dashnoqlar» deb atashgan. Dastlab «Dashnaktsutyun» dasturida terror va qurolli harakat yo’li bilan Buyuk Armaniston davlatini barpo etish ko’zda tutilgan. 20 — asr boshlarida Kavkazda armanlar bilan turkiy xalqlarni bir-biriga qarshi qo’zg’atib, milliy nizolarni kuchaytirishda mash’um rol o’ynagan. Turk-arman qirg’ini (1915) sababchilaridan biri bo’lgan. Shu qirg’indan so’ng dashnoqlarning bir qismi Turkistonga kelib o’rnashgan. 1917 yilgi keskin siyosiy o’zgarishlardan keyin «Dashnaktsutyun» Armanistonda hokimiyatni egalladi (1918 yil may — 1920 yil noyabr). Kare viloyati va Yerivan gubernyasida musulmonlarni ommaviy qirg’in qildi (1920 yil sentabr). Bolsheviklar Turkistonda zo’ravonlik bilan sovet rejimini o’rnatgach, «Dashnaktsutyun» partiyasining qurolli drujinalaridan o’lkadagi milliy kuchlarga qarshi kurashda foydalandi. Dashnoklar 1918 yil Fevralda qizil askarlar bilan birgalikda Qo’qon shahrida ommaviy qirg’in o’tkazdi. Umuman 1918-19 yillar davomida Farg’ona vodiysida istiqlolchilarga qarshi kurash niqobi ostida tinch aholidan 35000 kishini qirib tashlab, mol-mulkini talon-taroj etdi. Turor Risqulov, Sa’dulla Tursunxo’jayev, Nizomiddin Xo’jayev kabi rahbar xodimlarning qat’iy talabi natijasidagina Turkiston MIK 1919 yil 16 iyuldagi buyrug’i bilan «Dashnaktsutyun» partiyasini tarqatib yubordi va dashnoq drujinalarini qurolsizlantirdi. «Dashnaktsutyun» Armanistonning o’zida ham taqiqlandi (1921), ammo xorijda o’z faoliyatini davom ettirdi. 1990-yillardan «Dashnaktsutyun» Armanistonda oshkora faoliyat ko’rsata boshladi. Ad.: O’zbekistonning yangi tarixi, 2 kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar, T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti [Kollektiv avtorov], T., 2000. Qahramon Rajabov.