DASHT

DASHT — qora va kashtan tuproqlarda chim hosil qiluvchi g’alla gulli o’t o’simliklari o’sadigan zonal landshaft tipi. Shimol va Janubiy yarim sharlarda quruqliklarning ichki qismlaridagi mo’tadil va subtropik mintaqalarda dasht zonalarini hosil qiladi. Yevrosiyoda bu zona O’rta Dunay pasttekisligidan boshlanib, Ukraina, Rossiyaning Yevropa qismi Janubdan o’tib, Qozog’iston orqali Oltoy tog’ etaklarigacha cho’zilgan. Xitoyning shimoli-sharqida ham katta maydonni egallagan. Shimoliy Amerikada materikning o’rta qismida Kordilera tog’lariga parallel ravishda shimoldan janubga cho’zilgan. Janubiy Amerikada 30°-40° kengliklar orasida and tog’oldi tekisliklarida joylashgan. Avstraliyaning Janubiy-g’arbiy va Janubiy-Sharqiy qismlarida, Yangi Zelandiyada ham mavjud. Turli joyda turli nom bilan ataladi: Vengriyada pushta, Ukraina va Rossiyada Step, shimoliy Amerikada preriya, Janubiy Amerikada Pampa deb yuritiladi. Dasht zonasi asosan tekisliklarda joylashgan. Iqlimi cho’lga nisbatan sernamroq, yillik yog’in miqdori 400-500 millimetr. Yozda chuldagidek jazirama issiq bo’lmaydi, lekin yog’in kam va yoz issiq bo’lganligidan shimoliy yarim shardagi Dasht zonasining Janubda tuproqlar bir oz sho’rlangan bo’lib, asta-sekin chala cho’lga o’tadi. Asosiy o’simligi chalov, betaga, chillakoyoq va boshqa chim hosil qiluvchi o’t o’simliklari. Daraxt, buta (xususan, yirik buta) uchramaydi. Hayvonlari asosan kemi-ruvchilar, tuyoqlilar; yirtqichlar ham kup. Dasht tuproqlari juda unumdor bo’lganligidan deyarli hamma joyda haydalib, ekinzorlarga aylantirilgan. Aholi yashaydigan yerlardan uzoqroq, dehqonchilik uchun noqulay joylarda Dasht landshaftlari saqlanib qolgan. Dasht termini dala, ovloq joy, cho’l ma’nolarida ham qo’llaniladi. Eronda — Eron yassitog’ligidagi Toshloq cho’l joylar Dasht deyiladi. Turkmanlar quruqtoshloq yerni, armanlar keng, tekis, ochiq joyni (Ararat tekisligi) Dasht deyishadi. Arab sayyohi Ibn Battuta Qrim yarim oroli bilan Itil (Volga) daryosi oralig’idagi yerlarni Dasht deb atagan. U «dasht yam-yashil, gullagan hudud, unda tog’ ham, tepa ham, birorta do’ng ham yo’q» deb yozgan. O’zbekistonda Dashtlar tekislik yerlarda yo’q. Faqat tog’lardagi balandlik mintaqasida mavjud. Dashtlar dengiz sathidan 500 metr va 1200-1300 metr balandliklar orasida bug’doyiq va har xil o’t, efemerlar o’sadigan mintaqani hosil qiladi. Tuprog’i to’q bo’z va jigarrang tuproqlar. Balandroq bo’lgani uchun qishda qor qoplami saqlanib turadi. Qish va bahorda yog’in ko’proq bo’ladi. Lalmikor dehqonchilik va bog’dorchilikda keng foydalaniladi. 1300-3000 metr balandlikda tog’ o’rmon-o’tloqli Dasht mintaqasi joylashgan. Bu mintaqadagi barg to’kuvchi o’rtacha quruq daraxtzor va butazorlar orasida turli xil o’t o’suvchi Dasht maydonlari uchraydi. Bu mintaqa G’arbiy Tyanshan, Turkiston, Zarafshon, Hisor tog’larida bor. Bu mintaqadan ekstensiv tog’ mevachiligida (yong’oq, xurmo, anjir, unobi, olma) hamda qo’y va echki, yilqi boqishda foydalaniladi. Bu mintaqa yaxshi rekreasiya zonasi ham hisoblanadi.