DASTORBOSH

DASTORBOSH (Tanacetum) — qoqidoshlar oilasiga mansub ko’p yillik o’tlar turkumi. O’zbekistonda 2 turi: oddiy Dastorbosh (T. vulgare) va tog’ Dastorbosh (T. pseudoachillea S.) uchraydi. Oddiy Dastorbosh bo’yi 150 santimetrgacha bo’lgan sershox o’simlik. Barglari patsimon, bandli va bandsiz. Gullari sariq, qalqonsimon to’pgul. Mevasi — pista. To’pguli tarkibida efir moyi, alkaloidlar, flavonoidlar va boshqa moddalar bor. To’p-gulining damlamasi va poroshogi gijja haydashda, gepatit, angioxolit va ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi.