DATCHIK
DATCHIK (ruscha), birlamchi o’zgartirgich — o’lchanayotgan fizik kattalik (bosim, temperatura, elektr kuchlanish, siljish va boshqalar) ni uzatish, unga ishlov berish va qayd qilish uchun signal (odatda, elektr signal) ga aylantirib beradigan vosita. O’lchash, signal yoki rostlash qurilmalari tizimining muhim qismi; sezgir elementi tekshirilayotgan miqdorlar (bosim, t-ra, tezlik, yorug’lik kuchi, elektr toki, kuchlanish va boshqalar) ta’sirini sezadi. Ishi elektr qarshiligi, sig’im, induktivlikka, shuningdek, nazorat qilinadigan mexanik, akustik, issiqlik, elektr, optik, magnit kattaliklar ta’sir etganda elektr yurituvchi kuch (e. yu. k.) hosil bo’lishiga asoslangan Datchiklar (sig’im datchigi, induktiv Datchik, induktsion Datchik va hokazolar) keng tarqalgan. Elektr zanjirlarida kontaktlarning ulanib-uzilishiga asoslangan Datchiklar (kontakt datchigi) va elektr mashina Datchiklari ham bor. Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va ilmiy tadqiqot ishlarining amaliy qismini bajarishda ishlatiladi. Datchik avtomatika va telemexanika qurilmalarining muhim qismi hisoblanadi.