DAVLAT MULKI
DAVLAT MULKI — mulkchilik shakllaridan biri, davlatga qarashli va uning uz vazifalarini bajarishi uchun zarur barcha mol-mulklar va mulkiy huquklar. Davlat mulki tushunchasi «davlat» tushunchasi bilan uzviy bog’langan bo’lib, ular doimo bir-birini taqozo etib keladi. O’tmishda Davlat mulki asosan bosqinchilik urushlari xisobiga ko’payib bordi. Davlat mulki tarkibiga imoratlar va yerdan tashqari oziq-ovqat mahsulotlari, ot-ulov vositalari, yem va boshqalar ham kirgan. Kapitalizm davriga kelib turli sohalar (pul muomalasi, bandlik, tashqi savdo, aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy himoyalash, madaniyat, ta’limni rivojlantirish va boshqalar) da davlat boshqaruvchilik vazifasini bajara boshladi. Shunga bog’liq holda Davlat mulki ham maktablar, kasalxonalar, pul-kredit muassasalari, elchixonalar va boshqalar hisobiga ortib bordi. Hozirgi rivojlangan mamlakatlarda davlatga qarashli korxonalar ulushi turlichadir. Masalan, AQSh, Yaponiyada bu miqdor juda kam (2% atrofida). Yevropada yalpi ichki mahsulotning 10%dan (Germaniya) 30%gacha (Avstriya) bo’lgan ulushini davlat korxonalari ishlab chiqaradi. Ularda 4%dan (Buyuk Britaniya) 20— 25%gacha (Avstriya, Gretsiya, Frantsiya) ish kuchi band. Davlat korxonalari iqtisodiyotda yalpi kapital qo’yilmalarining (Germaniya, Buyuk Britaniyada) 1/6 qismini, Frantsiyada 1/3, Avstriyada 1/2 qismini amalga oshiradi. AQShda ekiladigan yerlarning 1/3 qismi federal hukumat mulkiga kiradi. Jahon tajribasida Davlat mulki asosan ikki yo’l bilan paydo bo’ladi: davlat byudjet vositalari hisobiga mol-mulk ob’yektlari yoki davlat korxonalarini barpo etadi; davlat xususiy mulkchilik egaligida bo’lgan mol-mulkni qisman yoki to’laligicha milliylashtirish (natsionalizasiya)ni amalga oshiradi. Davlat korxonalari mulki shu tartibda davlat byudjeti vositalari hisobidan butun iqtisodiyotning faoliyat kursatishi uchun zarur bulgan serxarajat infratuzilma korxonalari (kommunal xo’jaligi, energetika, transport, aloqa) ni barpo etish, ilmiy-texnika progressi bilan bog’liq ayrim kapitaltalab tarmoqlar (elektronika, aviatsiya) ni rivojlantirish, zarar ko’rib ishlayotgan korxonalarni (masalan, ko’mir sanoati korxonalari) ni milliylashtirish va boshqalar yo’li bilan shakllanadi. O’zbekistonda oktyabr to’ntarishidan boshlab 20-asrning 90-yillar boshigacha — Respublika mustaqillikka erishgunga qadar shaxsiy va kooperativ mulkdan tashqari barcha mol-mulk Davlat mulki hisoblanar edi. Mustaqillikdan so’ng mulkchilikning hamma shakllari — Davlat mulki, aralash mulk, qo’shma korxonalar mulki, jamoa mulki, aktsiyadorlik mulki va boshqalarning daxlsizligi va ularning rivojlanishi uchun teng sharoit yaratish qonun yo’li bilan mustahkamlandi. Shunga ko’ra mulkchilik munosabatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, shuningdek, 1990 yil 31 oktbarda kuchga kirgan «O’zbekiston Respublikasida mulkchilik to’g’risida»gi qonun hamda bir qator qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan bo’ldi. O’zbekiston Respublikasida Davlat mulki tarkibi, turlari qat’iy belgilab qo’yildi. Iqtisodiy islohotlarning yetakchi bo’g’ini tarzida mulkni davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish yo’nalishi tanlandi. O’zbekiston Respublikasi Davlat mulki respublika mulki va ma’muriy xududiy tuzilmalar mulkidan tashkil topadi. Respublika mulkiga (yer, yer osti boyliklari, ichki suvlar, mamlakat hududi doirasidagi xavo havzasi, o’simlik va hayvonot dunyosi, respublika hokimiyat va idora organlari mol-mulki, respublika xalqlarining madaniy va tarixiy boyliklari, respublika byudjeti mablag’lari, oltin zaxirasi, valyuta fondi va boshqa davlat fondlari, O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi mulki, davlatning byudjet yoki boshqa mablag’lari evaziga yaratilgan yoki sotib olingan korxonalar, tashkilotlar, o’quv, ilmiy, ilmiy tadqiqot muassasalari, shuningdek, intellektual faoliyat natijalari va boshqalar kiradi. Ma’muriy — hududiy tuzilmalar mulki (kommunal mulk) mahalliy davlat hokimiyati idoralari mulki, kommunal uy-joy fondi va kommunal xo’jaligi korxonalari, mahalliy byudjet mablag’lari, madaniyat, sog’liqni saqlash, xalq ta’limi muassasalari va boshqalardan iborat. O’zbekistonda Davlat mulkiga bo’lgan mulkchilik huquqini xalq nomidan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va ular vakolat bergan Markaziy davlat idoralari (vazirliklar) hamda mahalliy hokimiyat idoralari amalga oshiradilar. Abdulla Abduqodirov.