DAVLAT RAMZLARI

DAVLAT RAMZLARI — muayyan bir davlatning milliy suverenitetini ifodalaydigan, tarixan tarkib topgan alohida, eng muhim belgilari. Ular bevosita xalq, millat hayoti, an‘analari, ruhiyati, folklori, tarixi bilan chambarchas bog’liqdir. Davlat ramzlari mustaqil davlatning muhim tashqi belgilarini o’zida mujassamlantiradi. Davlat ramzlarida xalqning azaliy orzusi, ezgu niyatlari, bugungi hayot mazmuni aks etadi. Davlat ramzlari konstitutsiya yoki maxsus qonun bilan belgilab qo’yiladi. Davlat bayrog’i, davlat gerbi, davlat madhiyasi, davlat ranglari, davlat boshlig’ining shtandarti (bayrog’i), davlat muxri, davlat Shiori asosiy Davlat ramzlari hisoblanadi.