DAVLAT SIRI

DAVLAT SIRI — oshkor etilishi taqiqlangan, davlat ahamiyatiga ega bo’lgan ma’lumotlar. Ular maxsus ro’yxatlar bilan belgilab qo’yiladi. Davlat siri davlat, harbiy va xizmat siriga bo’linadi. O’zbekiston Respublikasining «Davlat sirlarini saqlash to’g’risida» qonuni (1993 yil 7 may)ga ko’ra, oshkor etilishi respublika harbiy-iqtisodiy imkoniyatlarining sifat holatiga salbiy ta’sir etishi yoki O’zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi, iqtisodiy va siyosiy manfaatlari uchun boshqa og’ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan ma’lumotlar davlat sirini tashkil etadi; oshkor etilishi O’zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyati, davlat xavfsizligi va Qurolli kuchlari uchun og’ir oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan harbiy xususiyatga ega ma’lumotlar harbiy sir ni tashkil etadi; oshkor etilishi O’zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo’lgan fan, texnika, ishlab chiqarish va boshqaruv sohasiga doir ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi. Davlat sirini saqlash bo’yicha mas’uliyat davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va birlashmalarning rahbarlari zimmasiga yuklatiladi. O’zbekiston Respublikasining Jinoyat Kodeksida Davlat sirlarini oshkor qilganlik yoki o’zgaga berganlik, Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan hujjatlarni, shuningdek, ashyo yoki moddalarni yo’qotganlik uchun jazo belgilangan. Bu xildagi jinoyatlar josuslik va davlatga qarshi jinoyatlardan farqli ravishda ko’pincha ehtiyotsizlik, hujjatlarni saqlash qoidalariga rioya etmaslik oqibatida sodir qilinadi. Davlat sirini oshkor qilish, Davlat siri yoki harbiy sir hisoblangan xujjatlarni yo’qotish og’ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo’lsa, jazo kuchaytiriladi.