DAVLAT SOTSIALIZMI

DAVLAT SOTSIALIZMI — 1) sotsializmga burjua davlatining ijtimoiy-iqtisodiy tadbirlari orqali erishish mumkinligini targ’ib etuvchi reformistik nazariya. 2) Sobiq sotsialistik mamlakatlarda amalda mavjud bo’lgan sotsializm. Davlat sotsializmi nazariyasi 19 asrning 2-yarmida Germaniyada tarqaldi. Uning asoschisi nemis iqtisodchisi K.I.Rodbertus Yagetsov bo’lib, uning qarashlariga ko’ra, insoniyat jamiyati kommunizm sari rivojlanib, o’z yo’lida davlatning rivojlanish bosqichlari va mulkchilik shakllari bilan belgilanadigan 3 davr («antik davr», «feodalizm va kapitalizm», «kommunizm»)ni bosib o’tadi. «Antik davr» negizini odamga mulkchilik, «feodalizm va kapitalizm» davrini yerga va kapitalga mulkchilik, «kommunizm»ni mehnatga va ish haqiga mulkchilik belgilaydi. U davlatni jamiyatning «kommunizm»ga evolyutsion o’tishini harakatlantiruvchi kuchi bo‗lgan ideal tashkilot tarzida talqin qiladi. G.Shmoller, L.Brentano, A.Vagner, V.Zombart va boshqalar ham Davlat sotsializmi g’oyalarini targ’ib etganlar. Davlat sotsializmi asoschilari sotsializm deganda ishlab chiqarish vositalari va iqtisodiyotning islohotlar yo’li bilan davlatlashtirilishini tushunar edilar. Shu sababdan ular 1873-yildagi iqtisodiy tanglik davrida Prussiya temir yo’l kompaniyalarini halokatdan qutqarib qolish uchun uning davlat ixtiyoriga olinishi, boj tarifi o’rnatilishi, tamaki monopoliyasi, spirtli ichimliklarga soliq, ba‘zi liberal islohotlarni sotsializmning amalga oshirilishi deb talqin qilgan. Davlat sotsializmi nazariyasiga inqilobiy sotsializm nazariyasi asoschilari K.Marks va F.Engels qarshi chiqib, sotsializm faqat sotsialistik inqilob, ishchilar sinfi hokimiyatining o’rnatilishi va ishlab chiqarish vositalarining deyarli hammasini sotsialistik mulkka aylantirish natijasidagina amalga oshirilishi mumkin degan g’oyani ilgari surganlar. Biroq Rossiyadagi Oktabr to’ntarishi bilan boshlangan va 1917-1991 yillarda o’tkazilgan sotsialistik eksperiment Marks g’oyalari asosida yarim-yorti shakllangan sotsialistik tuzum, o’z mohiyati va tabiatiga ko’ra haqiqatdan adolatli demokratik jamiyat bo’lmasdan, amalda Davlat sotsializmidan iborat ekanini ko’rsatdi. Sobiq Ittifoqdagi sovet sotsializmi ham, undan nusxa olgan boshqa mamlakatlardagi sotsializm ham haddan tashqari markazlashtirilgan boshqarishga asoslangan sotsializm edi. Masalan, Ittifoqda ishlab chiqarish vositalarining 90% dan ortig’i davlat mulki edi. Shuning uchun u ham haqiqiy demokratik erkin jamiyat bo’la olmadi va pirovardida inqirozga uchradi. Hozirgi paytda mavjud sotsialistik mamlakatlar (Xitoy, Vetnam)da keng ko’lamli demokratik islohotlar o’tkazilmoqda. G’arb mamlakatlaridagi sotsialistik va kommunistik partiyalar, ishchilar partiyalari (masalan, Germaniya sotsial-demokratik partiyasi, Buyuk Britaniyadagi leyboristlar partiyasi va boshqalar) sotsialistik mafkuraning ko’pgina tamoyillaridan voz kechdilar, ishlab chiqarish vositalarining mutlaq ko’pchiligini markazlashtirish va davlatlashtirish kabi g’oyalar bugungi kunda uz jozibasini butunlay yo’qotdi. Chunki bunday Davlat sotsializmi hayot sinovidan o’ta olmadi, lekin demokratik sotsializm g’oyalari hali ham uchrab turadi. Kapitalizm ham o’zini to’laqonli demokratik va odil jamiyat sifatida namoyish eta olmaganligi sababli, turli mamlakatlar (Germaniya, Daniya, Shveytsariya va boshqalar) da yangi sivilizatsiyaga, ijtimoiy-insoniy tuzumga o’tish – umumdemokratik adolatli jamiyat qurish, uning boshqariladigan, ijtimoiy yo‗naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish g’oyasi vujudga keldi va uni hayotga joriy etish bo’yicha samarali ishlar qilinmoqda, demokratik va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Inson manfaatlari ustun bo’lgan, barcha kishilar uchun munosib insoniy hayot ta‘minlanadigan erkin jamiyat qurish yo’lidan borilmoqda.