DAVLAT TOMONIDAN (ICHKI VA XORIJDAN) MABLAG’ JALB QILISH
DAVLAT TOMONIDAN (ICHKI VA XORIJDAN) MABLAG’ JALB QILISH — quyidagi maqsadlarda amalga oshirilishi mumkin: l) iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari, shu jumladan, davlat investitsiya dasturlarini moliyalashtirish; 2) Davlat budjeti daromadlari bilan xarajatlari o’rtasida tushumlar vaqtga ko’ra muvofiq emasligi tufayli kelib chiqqan yillik ichki tafovutni to’g’rilash; 3) mavjud qarzni qayta moliyalashtirish; 4) budjet defitsitini moliyalashtirish; 5) tabiiy ofat yoki boshqa favqulodda vaziyatlar tufayli mablag’larga bo’lgan ehtiyojlarni qoplash. Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablag’ jalb qilishda qarz majburiyatlarining quyidagi turlaridan foydalanish mumkin: l) qisqa muddatli (bir yilgacha bo’lgan davrga chiqariladigan), o’rtacha muddatli (bir yildan besh yilgacha bo’lgan davrga chiqariladigan) va uzoq muddatli (besh yildan ortiq davrga chiqariladigan) davlat qimmatli qog’ozlari; 2) kreditlar (qisqa, o’rta va uzoq muddatli); 3) O’zbekiston Respublikasining kafolatlari; 4) budjet daromadlari bilan xarajatlari o’rtasidagi vaqtinchalik tafovutni qoplash uchun qisqa muddatli ssudalar; 5) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa turlar. Davlat tomonidan ichki va xorijdan mablag’ jalb qilishga hamda davlat qarzi ko’payishiga olib keladigan boshqa harakatlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ tomonidan amalga oshiriladi.