DAVLAT YO’L HARAKATI XAVFSIZLIGI XIZMATI

DAVLAT YO’L HARAKATI XAVFSIZLIGI XIZMATI (O’zbekiston Respublikasida) — yo’l harakati xavfsizligini ta’minlash qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qiluvchi, harakatni tartibga solib turuvchi idora; O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi tarkibidagi bosh boshqarma. O’zbekistonda dastlab 1936 yilda ichki ishlar xalq komissarligining ishchi-dehqon militsiyasi bosh boshqarmasi tarkibida «Davlat avtomobil inspektsiyasi» tashkil etildi. Bu inspektsiya turli yillarda GAI — dan (Davlat avtomobil nazorati) nomi bilan atab kelindi. 2001 yil may oyidan Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati deb yuritila boshlandi. Qoraqalpog’iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tarkibida yo’l harakati xavfsizligi boshqarmalari, shahar, tuman ichki ishlar boshqarma va bo’limlari tarkibida avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish me’yorlari va qoidalariga amal qilishni nazorat etuvchi guruhlar tuzilgan. Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati o’z faoliyatida «yo’l harakati xavfsizligi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonuni (1999 yil 19 avgust), O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksi va 2001 yil 1 martdan kuchga kirgan yangi tahrirdagi «yo’l harakati qoidalari»ga asoslanadi. Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati zimmasiga yo’l harakatini tartibga solish, harakatlanish xavfsizligini ta’minlash, haydovchi va piyodalar tomonidan «Yo’l harakati qoidalari»ga rioya etilishini nazorat qilish, jamoat tartibini saqlash, ichki ishlar idoralarining boshqa xizmatlari bilan birgalikda jinoyatchilikka qarshi kurash, avtomototransport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga amal qilishni nazorat etish, transport vositalarini ro’yxatga qo’yish, ro’yxatdan chiqarish, haydovchilik guvohnomalari berish kabi vazifalar yuklatilgan. Davlat yo’l harakati xavfsizligi xizmati tarkibiga oliy va o’rta maxsus ma’lumotga ega bo’lgan, shuningdek, O’zbekistan Respublikasi ichki ishlar vazirligi Akademiyasining maxsus fakultetini tamomlagan mutaxassislar qabul qilinadi.