DAVOS

DAVOS — Shveytsariyaning Sharqiy qismidagi shahar, tog’ iqlimli kurort. Sharqiy Alp tog’larida 1550 metrdan ziyod balandlikda joylashgan. Turizm, qishki sport o’yinlari markazi. Aholisi 11 ming kishidan ortiq. Davosda quyoshli kunlar ko’p bo’ladi, shamol bo’lmaydi, quyosh radiatsiyasi kuchli. Qishi mo’tadil yumshoq (yanvarning o’rtacha temperaturasi -7°), yozi salqin (iyulning o’rtacha temperaturasi 12°); yillik yog’in qariyb 900 millimetr. Davosda tibbiyot va baland tog’iqlimi kurorti instituti, qor va ko’chkilarni tadqiq qilish milliy instituti, sanatoriy, pansionat, mexmonxona, teatr, sport inshootlari va boshqalar bor. Shaharda har yili Butunjahon iqtisodiy anjumani o’tkaziladi. 1992 yildan boshlab bu anjumanlarda O’zbekiston Respublikasi vakillari ham ishtirok etmoqda.