DAYR UL-BAHR

DAYR UL-BAHR — qadimgi Misr (Fiva yaqini) da qoyalar etagida (vodiy bo’ylab) joylashgan me’moriy majmua. Fir’avn Mentuxotep I xotirasiga qurilgan ehrom (miloddan avvalgi 21-asr) kolonnadalar bilan o’ralgan, yirik piramidali, devorlari bo’rtma tasvirlar bilan bezatilgan (haykaltaroshlar Irtisen va o’g’li Senusert) xaroba qoldiqlari saqlangan. Vodiy orqali ehromga boriladigan uzun yo’l (uzunligi 1200 metr, eni 32 metr) cheti devor va haykallar bilan to’silgan. Malika Xatshepsut xotirasiga qurilgan ehrom (miloddan avvalgi 16-15-asrlar, me’mori Senmut) 3 ayvonli kolonnadalar bilan o’ralib, zinapoyalar orqali bog’langan. 200 dan ortiq haykallar va bo’rtma tasvirlar bilan bezatilib, yeriga kumush va oltin to’shalgan.