DEGA (DEGAS) ILER JERMEN EDGAR

DEGA (DEGAS) ILER JERMEN EDGAR (1834.19.7 — Parij — 1917.27.9) –frantsuz rassomi va haykaltaroshi, impressionizmning yetuk namoyandasi. Parijdagi nafis san’at maktabida ta’lim olgan (1855-56), Italiyada yashab ilk uyg’onish davri san’atini o’rgangan (1854-59). Dega hayotni, zamonaviy shaharni va uning ko’chalari, maydonlarini, odamlari (holati, kayfiyatlari) ni o’ta sezgirlik bilan butun go’zalligi va tabiiyligini haqqoniy aks ettirgan. Dega asarlari nozik va aniq rasmi, shakllarni kutilmagan tarzda berilishi bilan ajralib turadi («Qahvaxona ayvonidagi ayollar», 1877; «Yulduz», 1878; «moviy raqqosalar», 1880— 90 va boshqalar). 1880-yillar oxiridan haykaltaroshlikda ijod qilgan, raqqosalar, cho’milayotgan ayollar, otlar va boshqa shakllarda lahzalik harakat, holatni nafis ifodalashga erishgan.