DEHQON XO’JALIGI
DEHQON XO’JALIGI – oilaviy mayda tovar xo’jaligi. O’zbekistonda umuman Dehqon xo’jaligining shakllari juda ko’hna tarixga ega bo’lsada, xo’jalik yuritishning bozor iqtisodiyoti sharoitlarida uning hozirgi tashkiliy tuzilmasi 90-yillarning oxirida paydo bo’ldi. Dehqon xo’jaligi oilaviy mayda tovar xo’jaligi bo’lib, oila boshlig’iga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqida berilgan tomorqa yer uchastkasida oila a’zolarining shaxsiy mehnati asosida qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtiradi va sotadi. Dehqon xo’jaligi faoliyati tadbirkorlik faoliyati jumlasiga kiradi va xo’jalik a’zolarining istagiga ko’ra yuridik shaxs tashkil etgan holda va yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshirilishi mumkin. Dehqon xo’jaligi belgilangan tartibda davlat ro’yxatidan o’tgan kundan e’tiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi. Dehqon xo’jaligi kooperativlari (shirkat xo’jaliklari) a’zolarining, boshqa qishloq xo’jalik va o’rmon xo’jaligi, korxona, muassasa va tashkilotlari xodimlarining oilalariga, shuningdek, qishloq joylarida yashovchi o’qituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislarning oilalariga Dehqon xo’jaligi yuritish uchun tomorqa yer uchastkasi, imorat va hovli egallagan maydonni ham qo’shganda, sug’oriladigan yerlarda 0,35 gektargacha va sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlarda 0,5 gektargacha, dasht va cho’l mintaqasida esa sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlarda 1 gektargacha o’lchamda beriladi. O’zbekistonda Dehqon xo’jaligi tashkil qilish, ularning faoliyati va tugatilishining huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan bo’ladigan munosabatlari masalalari O’zbekistan Respublikasining 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan «Dehqon xo’jaligi to’g’risida» qonuniga muvofiq tartibga solinadi. O’zbekistonda 1,8 million Dehqon xo’jaligi bor (ularning 8,3 mingtasi yuridik shaxs maqomiga ega). Ularga ajratilgan yer maydoni 287,3 ming gektar bo’lib, har bir Dehqon xo’jaligiga o’rtacha 0,16 gektar yer maydoni to’g’ri keladi. Respublika qishloq xo’jalik yalpi mahsuloti hajmining 66% Dehqon xo’jaligi hissasiga to’g’ri keladi (2001). Qurbon Choriyev.