DEMPING

DEMPING (ing. dumping – tashlash, tashlama) — tovarlarni tashqi va ichki bozorda sun‘iy arzonlashtirilgan, o’rtacha chakana narxlardan, ba‘zan tannarxdan past narxlarda sotish; tashqi bozorni egallash uchun raqobat kurashi vositalaridan biri. Tashqi bozorda tovarlarning o’z qiymatidan arzon sotilishidan birlashmalar zarar ko’radi. Bu zarar ichki bozorda sotilgan tovarlardan olingan yuqori foydadan mablag’ ajratish yoki davlat budjetidan hamda soliqlar hisobidan qoplanadi. Demping davlat yoki kompaniya tomonidan kelgusida kutilayotgan zararlarni bartaraf etish maqsadida o’tkaziladi va bu yo’l bilan zarur bo’lgan pul, valyuta mablag’lari tezda to’planadi.