DEPUTAT

DEPUTAT (lot. deputatus – vakil etilgan, yuborilgan) — 1) qonunchilik yoki davlatning boshqa vakillik organiga yoki mahalliy o’zini o’zi boshqarish organiga saylangan shaxs, aholining ma‘lum qismi – o’z saylov organi (sotsialistik deb atalmish mamlakatlarda) saylovchilarning yoki butun millatning (demokratiya davlatlarida) vakili. Deputat muvofiq keluvchi vakillik organida professonal asosda (ko’pchilik demokratiya davlatlarida) yoki noprofessional asosda, ya‘ni asosiy faoliyatini to’xtatmay (sotsialistik deb atalmish mamlakatlarda) ishlaydi; O’zbekiston Respublikasida – xalqning O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq Deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi vakolatli vakili. Ularning maqomi, vakolatlari, Deputatlik faoliyatining kafolatlari «O’zbekiston Respublikasida deputatlarning maqomi to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasining qonunida belgilab berilgan; 2) jamoa (guruh) tomonidan biron-bir topshiriqni bajarish uchun vakil qilingan shaxs.