DERMOGRAFIZM
DERMOGRAFIZM (derma… va Yunoncha graphein — chizmoq) — teriga mexanik ta’sir ko’rsatilgan (chizib ko’rilgan) joydagi qon tomirlar reaktsiyasi. Bunda qizil yoki oq yo’l ko’zga tashlanadi. Dermografizm normal yoki patologik bo’ladi. Normal Dermografizmda terini biror narsa bilan chizilsa, bir necha sekunddan keyin qizil yo’l ko’rinib, 1-3 minutda yo’qoladi. Patologik Dermografizm qizil yoki oq bo’ladi. Qizil Dermografizm nerv sistemasining haddan tashqari tez qo’zg’aluvchanligidan dalolat beradi. Ekzema (gush), psoriazning o’tkir davrida, eshakem, ekssudativ eritema kabi kasalliklarda uchraydi. Oq Dermografizm qon tomirlarni toraytiruvchi markazi qo’zg’aluvchan kishilarda kuzatiladi. U nevrodermit, qichima, psoriazda bo’ladi. Qizil va oq Dermografizm bir vaqtda uchrashi mumkin. Bunda oq hoshiyali qizil yo’l ko’rinadi. Bir kasallikning ikkinchisiga aylanishida, masalan, bolalarda eshakemning qichimaga o’tishida xuddi shunday bo’ladi. Vegetativ nerv sistemasining holatini o’rganishda, nerv va endokrin sistemalarning ba’zi kasalliklariga tashhis qo’yishda Dermografizm muhim ahamiyatga ega.