DIALEKTOLOGIYA

DIALEKTOLOGIYA (dialekt va … logiya) — tilshunoslik sohasi. Tilning mavjud lahjalari, shevalarini o’rganadi. Unda lahja va shevalarning fonetik, morfologik, sintaktik va leksik xususiyatlari tavsif qilinadi. Milliy tilning paydo bo’lishi va rivojida shevalarning tutgan o’rni, milliy tilga asos bo’lgan shevalar aniqlanadi. Shevalararo, shuningdek, adabiy til va qardosh tillar bilan ularning munosabatlari belgilanadi. Shevalarning tarqalish chegaralari — lingvistik geografiya tomonidan o’rganiladi. Bu jihatdan Dialektologiya ikkiga: 1) tasviriy (yoki dialektografiya); 2) tarixiyga ajraladi. Birinchisida mahalliy lahja va shevalarning fonetik tuzilishi, grammatik qurilishi, leksik tarkibi haqida mufassal ma’lumot beriladi. Ikkinchisida tilning dialektal xususiyatlarini qayd etish bilan birga, ularning kelib chiqishi, rivojlanishi va shakllanish tarixi o’rganiladi. Dialektologiya tadqiqotlari tilning grammatik, leksik, orfografik va orfoetik me’yorlarini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Dialektologiya tilshunoslik, etnogrofiya, folklor va boshqalar bilan jips aloqada rivojlanadi. F. Abdullaev, G’ozi Olim Yunusov, A. K. Borovkov, Sh. Shoabdurahmonov va boshqa o’zbek Dialektologiyasi rivojiga sezilarli hissa qo’shgan. Ad.: Reshetov V. V., Shoabduraxmonov Sh., O’zbek dialektologiyasi, T., 1962.