DIELEKTRIKLAR
DIELEKTRIKLAR (dia… va inglizcha electric — elektr) — elektr tokini deyarli o’tkazmaydigan material (modda) lar; solishtirma elektr qarshiligi — 107-1020 omm, dielektrik kirituvchanligi — 4-104. Dielektriklar elektr tokini o’tkazgichlarga nisbatan 1015-1020 marta yomon o’tkazadi. «Dielektriklar» atamasini fanga M. Faradey kiritgan. Ionlashmagan barcha gazlar, ba’zi suyukliklar va qattiq jismlar Dielektriklar hisoblanadi. Tashqi elektr maydon ta’siri bo’lmagan hollarda Dielektriklarni qutbli Dielektriklar hamda qutbsiz Dielektriklarga ajratish mumkin. Bunda Dielektriklar molekulalarining dipol momentlari nolga teng (qutbsiz molekulalar) yoki fazodagi yo’nalishlar bo’yicha ixtiyoriy ravishda taqsimlangan bo’ladi (qutbli molekulalar). Ikkala holda ham Dielektriklarning yig’indi elektr momenti nolga teng bo’ladi. Qutblanish elektr maydon kuchlanishiga, temperaturaga, muhitning elektr xossasiga bog’liq. Qutbli Dielektriklarga spirt, toza suv; qutbsiz Dielektriklarga inert gazlar, kislorod, vodorod, benzol, polietilen va boshqalar kiradi. Qutbli molekulalardan tashkil topgan Dielektriklar elektr maydonga joylashtirilganda, har bir dipolni maydon kuchlanganligi yo’nalishida buruvchi ta’sir kuchlari vujudga keladi. Ammo to’la burilishga issiqlik harakatlari to’sqinlik qiladi. Natijada musbat zaryadlar elektr maydon yo’nalishida, manfiy zaryadlar esa teskari yo’nalishda ko’chadi. Umuman barcha turdagi qutblanish natijasida tashqi maydon kuchlanganlik chiziqlari Dielektriklardan chiqayotgan nuqtalarda musbat va Dielektriklarga kirayotgan nuqtalarda manfiy bog’langan zaryadlar hosil bo’ladi. Azot, kislorod, vodorod gazlari, toluol, benzol suyuqliklari va polistirol, polietilen, naftalin kabi qattiq moddalar bularga misol bo’la oladi. Qutblanish elektronlar va ionlarning siljishi tufayli vujudga kelsa, bundan Dielektriklarning dielektrik kirituvchanligi 4 dan 15 gacha qiymatlarga ega bo’lishi mumkin. Tashqi maydon bo’lmaganda o’z-o’zidan qutblanish qobiliyatiga ega bo’lgan Dielektriklar guruhi ham mavjud. Ular segneto-elektriklar deb ataladi. Ularning dielektrik kirituvchanligi bir necha mingga yetishi mumkin. Segnetoelektriklarda deformatsiya vaqtida qutblanishi kuzatiladi. Bu hodisa pezoelektrik effekt deb yuritiladi. Dielektriklar qattiq (organik, anorganik), suyuq va gazsimon xillarga bo’linadi. Qattiq organik Dielektriklarga tsellyuloza, kauchuk, qatron, bitumlar, parafinlar, mum, yog’och, qog’oz, plastmassalar, lok bo’yoqlar va boshqalar kiradi. Bular kuch, signal kabellarini izolyatsiyalashda, kondensatorlar, g’altaklar, qistirmalar tayyorlashda, elektr apparaturalar simlari va chulg’amlarining izolyasiyalariga shimdirishda ishlatiladi. Qattiq anorganik Dielektriklarga radiotexnik keramika, segnetoelektriklar, pezoelektriklar, elektronik shisha, slyudalar va boshqalar kiradi. Bulardan izolyatorlar, yuqori chastotali kondensatorlar, pezoelementlar, ballonlar, elektrovakuum asboblar va boshqalar tayyorlanadi. Suyuq Dielektriklarga kuch transformatoriga, yuqori kuchlanishli ulab-uzgichlarga quyiladigan mineral moylar misol bo’ladi. Gazsimon Dielektriklarga elegaz [oltingugurt (VI)- ftorid], vodorod, inert gazlar, havo va boshqalar kiradi. Elegazlar kondensator va kabellarda, vodorod turbogeneratorlarda, inert gazlar ion asboblarda ishlatiladi.