DIFFERENTSIAL PSIXOLOGIYA
DIFFERENTSIAL PSIXOLOGIYA — psixologiya fanining odamlar o’rtasidagi individual-psixologik tafovutlarni o’rganuvchi sohasi. Differentsial psixologiya atamasini 1900 yil nemis psixologi V. Shtern fanga kiritgan. Differentsial psixologiya muayyan individlar bilan birga, turli ijtimoiy sinflarga, etnik, yosh va boshqa guruhlarga mansub shaxslar psixikasining namoyon bo’lishidagi tafovutlarni aniqlab beradi. Differentsial psixologiyada ko’pincha individning kuzatishi, test yoki o’z-o’zini kuzatish natijalarini tahlil etish yordamida aniqlangan shaxsiy va intellektual xususiyatlari qiyosiy tadqiq qilinadi. Differentsial psixologiyaning muhim vazifalaridan biri individual-psixologik xususiyatlarning namoyon bo’lishi, diapazoni va xarakterini ochib, yoritib berishdan iborat. Individual-psixologik tafovutlarning yuzaga kelish shartlari va sabablarini tushunish uchun ularning neyrofiziologik omillarini, nerv sistemasining asosiy xususiyatlarini o’rganish lozim. Hozirgi zamon Differentsial psixologiyasida rivojlangan matematik-statistik apparat, jumladan, korrelyatsiya (o’zaro bog’liqlik), regressiv (orqaga qaytish), diskriminant (cheklash) va omilli tahlil usullari keng qo’llaniladi. Differentsial psixologiya ma’lumotlari ta’lim-tarbiya amaliyotida, psixiatrik-psixoterapevtik ta’sir etishda, individning u yoki bu kasb-hunarga yaroqliligini aniklashda, kasbga yo’naltirish va kasb tanlashda muhim ahamiyatga ega.