DIFFUZION KAMERA
DIFFUZION KAMERA – zaryadli zarralar (proton, elektron, a-zarra va hokazolar) ning harakat traektoriyasini kuzatishga imkon beradigan asbob. Amerikalik fizik L. Langsdorf yasagan (1936). Usti va yonlari shisha, tubi metalloplastinkadan iborat tsilindr shaklidagi germetik idish. Diffuzion kamera Vilson kamerasiga o’xshaydi, lekin har doim ionlovchi zarralarga sezgir bo’lib, uzluksiz ishlab turadi. Kameraga tushgan zaryadli zarra gaz atomlari bilan to’qnashib, elektronlarni ajratadi, ya’ni gaz ionlashadi. Kameradagi suyuqlik (spirt) bug’i kondensatlanadi (kameraning tagi sovitiladi va qopqog’i isitiladi, natijada temperatura pasayishi tufayli kamerada o’ta to’yingan bug’ hosil bo’ladi) va zarra kameradan o’tganda suyuklik tomchilaridan iborat iz qoladi. Diffuzion kamera yonidan yoritiladi va zarra izi suratga olinadi. Diffuzion kamera yuqori energiyali zarralarning kameradagi gaz yadrolari bilan o’zaro to’qnashuvini o’rganishda, zarralar impulsniy aniqlashda, katta bosimli gazlarni tekshirishda ishlatiladi.