DIFILLOBOTRIOZ
DIFILLOBOTRIOZ — odam va ba’zi hayvonlar ichagida parazitlik qilib yashaydigan serbar lentasimon gijjalar qo’zg’atadigan kasallik. Kasal odam yoki hayvon axlati bilan gijja tuxumi, ko’pgina tana qismlari tashqariga chiqadi. Tuxum suvga tushsa, 3-5 haftadan keyin undan g’umbaklar paydo bo’ladi, ular balikdarni zararlaydi. Odam xom baliq, shuningdek, normal tuzlanmagan ikra egandagina Difillobotrioz yuqadi. Bunda odamning ko’ngli aynib, qayt qiladi, ba’zan qorni og’rib, juda kamqon bo’lib qoladi. Bemor axlatidan gijja tuxumi yoki tana qismlari topilgandan keyin tashhis qo’yiladi. Bemor iloji boricha kasalxonada davolangani ma’qul. Organizmdan gijjalarni haydaydigan, shuningdek, kamqonlikni bartaraf etuvchi doridarmonlar buyuriladi. Kasallikning oldini olish uchun daryo va ko’llarning ifloslanishiga yo’l qo’ymaslik, baliqni faqat pishirib, qovurib, dudlab yoki yaxshilab tuzlab iste’mol qilish kerak. Baliq tuzlanganda 2-7 kunda bezarar bo’lib qoladi. Serbar lentasimon gijja lichinkalari muzlatilgan baliqda -6°, -18° temperatuada 7 kungacha tirik saqlanadi.