DIFTERIYA
DIFTERIYA (Yunoncha diptherien — parda, et), bo’g’ma — asosan hiqildoq, tomoq shilliq pardalarining yallig’lanishi va a’zolarning zararlanishi bilan kechadigan o’tkir infektsion kasallik. Kasallik qo’zg’atuvchisi kirgan joyni zich parda bosishi va umuman organizmning og’ir zaharlanishi (intoksikasiya) bilan kechadi. Difteriya bilan ko’proq bolalar kasallanadi. Kasallik qo’zg’atuvchisini birinchi bo’lib nemis olimlaridan E. Klebs va F. Lefler aniqlagan (1883— 84). Difteriyani difteriya tayoqchasi yoki Lefler tayoqchasi (uni tasvirlagan olim nomi bilan ataladi) qo’zg’atadi. U atrof muhit ta’siriga ancha chidamli: bemor tutgan buyumlar (idishtovoq, kitob, o’yinchoq, kiyim-kechak va boshqalar) da bir necha hafta saqlanishi mumkin, ammo oftobda va dezinfektsiyalovchi moddalar ta’sirida tezda o’ladi. Kasallik asosan bemordan yuqadi, u butun kasallik davomida va, hatto, sog’ayib ketganidan keyin ham bir qancha vaktgacha atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Bemor yo’talganda, aksirganda, so’zlashganda Difteriya mikroblari so’lak, shilimshiq, balg’am tomchilari bilan havoga chiqadi. Sog’lom odam shunday havodan nafas olganida unga kasallik yukadi. Bakteriya tashuvchi kishi ham kasallik manbai bo’lishi mumkin. Difteriya tayoqchasi ko’pincha burunhalqum, tomoq va yuqori nafas yo’llari (qiqildoq, traxeyani) zararlantiradi. Difteriya tayoqchasi shilliq pardaga o’rnashib oladi va o’zidan toksin (zahar) ajratadi, u qon va limfa bilan butun organizmga tarqaladi. Difteriya toksini shilliq pardani yallig’lantirib, unda zich parda — qarash hosil qiladi. Difteriya tayoqchasining o’rnashgan joyiga va ko’payishiga qarab tomoq, burun, hiqildoq, ko’z, tashqi jinsiy a’zolar va teri Difteriyasi kuzatiladi. Kasallikning inkubatsion davri 2-10 kun. Tomoq Difteriyasi holsizlanish va haroratning ko’tarilishi (38-39°) bilan boshlanadi. Tomoq og’rib jag’osti limfa tugunlari shishadi; tomoq shilliq pardasi qizaradi, murtak bezlari va yumshoq tanglay oq yoki kulrang parda bilan qoplanadi. Difteriyaning toksinli shakli ham rivojlanishi mumkin, u tez avj oladi; temperatura 40° gacha ko’tariladi, yutinganda tomoq qattiq og’riydi, bemor qayta-qayta qusadi. Umuman darmonsizlanadi, bo’shashadi, yurak urishi tezlashadi, rangi siniqadi. Jag’ osti limfa tugunlari sohasidagi teri osti kletchatkalari shishadi va u bo’yinga, ba’zan ko’krak qafasiga tarqaladi. Tomoq shishi Difteriyaning ilk belgisi bo’lib, bunda murtak bezlari va yumshoq tanglay to’qimalari bir-biriga deyarli jips yopishadi. Pardali karash tanglay, burun halqumni qoplab olib, bemor xirillab nafas olishga majbur bo’ladi, og’zini sal ochib yuradi, keyinroq burundan ko’p shilimshiq keladi. Burun Difteriyasi uzoq davom etadigan tumov bilan kechadi, ko’pincha burunning bir tomoni bitib, qon aralash shilimshiq keladi. Jarayon sust kechib, uzoqqa cho’zilganida bir talay Difteriya tayoqchalari chiqib, tevarak atrofdagilarga jiddiy xavf tug’diradi. Hiqildoq Difteriyasi asosan go’dak bolalarda uchraydi; bola xirillab yo’taladi, ovozi bo’g’iladi, nafas olishi qiyinlashadi, hiqildog’i shishadi, ovoz boylamlari tortishadi (spazm). Difteriyaga boshqa kasalliklar (qizamik, skarlatina) qo’shilganda kasallik ayniqsa og’ir o’tadi. Difteriya toksini ko’pchilik a’zolarga ta’sir etib, og’ir asoratlar — buyrak, yurak, nervlarning zararlanishiga olib keladi. Aksari o’pka yallig’lanishi — zotiljam kuzatiladi. Davosi. Difteriyaga qarshi zardob yuborish yaxshi naf beradi, chunki zardob difteriya toksinini zararsizlantiradi. Oldini olish. Difteriya bilan og’rigan bemorni o’z vaqtida kasalxonaga yotqizish kerak. O’zbekistonda hamma sog’lom bolalar majburiy tartibda 2 oylikdan tortib 12 yoshgacha emlanadi. Bolalar muassasalari yoki oziq-ovqat korxonalarida ishlaydigan xodimlarning tomog’idan va burnidan shilimshiq olib, bakteriologik tekshiruvdan o’tkaziladi. Yasli, bog’chaga qatnaydigan bolalar ham shu usulda tekshiriladi. Bakteriya tashuvchilar bolalar muassasalariga ishga qo’yilmaydi va bakteriya tashuvchilikka ikki marta tekshiruvdan o’tib yaxshi natija olingandan keyingina ishga qaytadan ruxsat beriladi. Sof havoda bo’lish, xonani yaxshilab shamollatib turish, vrach ko’rsatmasiga muvofiq dorilar qabul qilish bakteriya tashuvchilikni tezroq bartaraf etishga yordam beradi. Bola angina bo’lganda darhol vrachga ko’rsatish zarur. Aks holda Difteriyani payqamay zardob yuborish vaqtini o’tkazib yuborib, bola hayotini xavf ostida qoldirish mumkin. Ad.: Xo’jayev Sh. X., Difteriya, T., 1993. Shonosir Shovahobov.