DIKTATURA
DIKTATURA (lotincha dictatura — cheklanmagan hokimiyat) — davlat hokimiyatini nodemokratik usullar bilan amalga oshirish tizimini ifodalovchi tushuncha, avtoritar yoki totalitar rejim. Diktaturaga asoslangan siyosiy rejimda hokimiyat bir shaxs — diktator yoki bir necha shaxslarning qo’lida markazlashadi, siyosatda zo’ravonlik va terror kuchayadi. Diktatura o’rnatilganligi diktatorlik hokimiyatining cheklanmaganligi va nazoratsizligi, Konstitutsiya e’lon qilgan demokratik ququklar va erkinliklar toptalishi, vakillik organlarining huquklari cheklanishi bilan ajralib turadi. Hokimiyat to’g’ridan-to’g’ri zo’ravonlikka tayanadi. Odatda, yirik ijtimoiy guruhlar Diktaturani ifoda etuvchi kuch sifatida namoyon bo’lsa ham, u bir shaxs yoki bir guruh shaxslarda mujassamlashadi (qadimgi Rimda harbiy boshliqlar Diktaturasi va triumviratlar, mutlaq monarxlar, hozirgi avtoritar tuzumlar, xuntalar va hokazolar). Tarixga ko’ra, biron-bir davlatda Diktatura o’rnatilishi, odatda, ichki o’zaro kurash g’oyat keskin tus olgan davrlar bilan bog’liq bo’lgan (masalan, Ispaniyada Franko Diktaturasi, nasistlar Germaniyasida fashistlar Diktaturasi, sobiq sho’rolar davrida Stalin Diktaturasi va boshqalar).