DILSHOD OTIN
DILSHOD OTIN, Barno, Dilshodi Barno (taxalluslari; asl ism-sharifi Dilshod Rahimqul so’fi qizi), (1800, O’ratepa — 1905/06, Qo’qon) — shoira, ma’rifatparvar. Otasidan savod o’rgangan. Maktabdorlik qilgan — xotin-qizlarga xat-savod o’rgatgan. Anbar Otin Dilshod otinning iqtidorli talabalaridan bo’lgan. Dilshod otin g’azal, muxammas, masaddas, chiston va boshqalar bilan birga xotiranomalar ham yaratgan. Uning 91 ta O’zbekcha va 51 ta tojikcha she’ri, «tarixi muhojiron» («muhojirlar tarixi») badiiy-tarixiy asarining O’zbekcha va tojikcha 3 qo’lyozma nusxasi («Tazkirai Barno», «sabot ul-Bashar maa tarixi muhojiron» — «inson matonati va muhojirlar tarixi», «Muntaxab alash’ori Barno» — «Barnoning tanlangan she’rlari») bizgacha yetib kelgan. Bularda o’zaro urushlar, xalqning turmush sharoiti va boshqa ijtimoiy-siyosiy voqealar o’z ifodasini topgan. Turkistonni chor Rossiyasi bosib olishiga bo’lgan munosabatda shoira zamondoshlaridan ilgarilab, bu hodisaning barcha oqibatlarini to’g’ri tushungan. Shu jihatdan Dilshod otin she’riyati xalqtaqdirining badiiy yilnomasi darajasiga ko’tarildi. Shu bilan birga shoira Baxtiyor zamon, yaxshi kunlar kelishiga ishondi («bu jabru zulmat albat muvaqqat…», «Farg’ona» va boshqalar), turkistonliklarni do’st-inoq yashashga undadi («Xaloyiq, borsangiz…», «Tarixi muxosara» va boshqalar). Dilshod otin lirikasida muhabbat va sadoqat mavzui, Vatan va inson ozodligi masalasi uyg’unlashib ketgan («sochim sunbul deyurlar…», «Falakda suzuvchi oy…»va boshqalar). Dilshod otinning «tarixi muhojiron» asarida 19-asr Qo’qon xonligidagi tarixiy, ijtimoiy-siyosiy voqealar aks etgan. Ayollarni ma’rifatli, erkin, jamiyatning teng huquqli a’zolari bo’lishga chorlagan. Shuningdek, asarda O’ratepa va Qo’qonda yashagan 30 dan ortiq shoir va shoiralar ijodi haqida ma’lumot keltirilgan. Dilshod otin asarlari qo’lyozmasi O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 1207). Asarlari o’zbek va tojik tillarida nashr qilintan. As: tanlangan asarlar, T., 1972; Zebunniso, Dilshod va Anbar otin she’riyatidan, T., 1981. Ad.: Qodirova M., Dilshod, T., 1971. Begali Qosimov.