DINIY MAROSIMLAR
DINIY MAROSIMLAR — fuqarolarning diniy ta’limotlardan, ularning qonun-qoidalari va aqidalaridan kelib chiqadigan diniy faoliyat va hatti-harakatlari. Diniy marosimlar diniy e’tiqod, ibodatning amaldagi ko’rinishidir. Barcha dinning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Diniy marosimlar diniy tasavvur va sig’inishlar orqali vujudga kelgan. Qadimda odamlar g’ayritabiiy kuchlarga turli marosimlar orqali ijobiy yoki salbiy ta’sir etish mumkin deb hisoblaganlar. Diniy marosimlarni bajarishda kohinlar, keyinchalik ruhoniylar boshchilik qilgan. Ular o’z marosimlarini asta-sekin muayyan dinning talabi, xususiyati, aqidasi va ehtiyojiga moslagan. Islom dinida aqiqa, amri Maruf, xatna, ro’za tutish va Ramazon hayiti, qurbonlik qilish va qurbon hayiti, namoz, haj, janoza, sunnat, nikoh, dafn va boshqa marosimlar bor. Yahudiylikda — ibodat, shanba kuni, tug’ilish, liniy balog’at, nikoh va dafn marosimlari alohida o’rin tutadi. Xristian dini marosimlari misteriyalar (qadimgi dinlarning maxfiy marosimlari) ta’sirida shakllangan va asosan Iso Masiq shaxsi bilan bog’liq. Xristianlikdagi pravoslav va katoliklar yetti sirli marosim — cho’qintirish, non va vino totish, xushbo’y moy surish, badanni yog’lash, nikoh, tavbatazarru va kashishlik (rohiblikka qabul qilish) ni tan oladilar. Protestantlar esa faqat cho’qintirish, non va vino totish marosimini e’tirof qiladilar. Buddizmda ertalabki va kechki ibodat, monaxlarga oziq-ovqat keltirish, tiyilish kuni, dunyoga kelish va balog’at eshini nishonlash, nikoh, yangi uyga ko’chish, ajdodlarni xotirlash va dafn marosimlari mavjud. O’zbekistonda Diniy marosimlarning erkin o’tkazilishi ta’minlanadi, ammo bunda qonunlar, jamoat tartibi buzilmasligi va shaxsga hamda fuqarolarning huquqiga daxl qilinmasligi kerak. Diniy marosimlarda qatnashish fuqarolarning xususiy ishidir va hech qanday huquqiy munosabatlarni keltirib chiqarmaydi. Diniy marosimlar ibodatxonalarda, diniy tashkilot muassasalarida, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, fuqarolarning xonadonlari va uylarida o’tkaziladi. Belgilangan joydan tashqarida Diniy marosimlar yoki ommaviy ibodatlar o’tkaziladigan holatlarda bu hakda mahalliy hokimiyat ogoxlantirib qo’yilishi va bunday tadbirlar qat’iy tartibga rioya qilingan holda tashkil etilishi lozim. Ahadjon Hasanov.