DIPLOMATIK YOZISHMA

DIPLOMATIK YOZISHMA — turli rasmiy xat-xabarlar va diplomatik tusdagi hujjatlar majmui. Davlatlar o’rtasidagi munosabatlarni yuritish vositasi, davlat tashqi siyosiy va diplomatik faoliyatining asosiy shakllaridan biri. Davlatlar o’rtasida yozishma tarzidagi muomala davlat, hukumat boshlig’i, tashqi ishlar idorasi, turli davlat va jamoat tashkilotlari hamda muassasalari yoki ularning boshliklari, diplomatik vakillar va ayrim diplomatlar nomidan yo’lga qo’yib turiladi. Maktublar, telegrammalar, xatlar, nota orqali yozishmalar, shuningdek, deklarasiya, bayonot, chaqiriq, axborot agentlarining xabarlari Diplomatik yozishma turlari hisoblanadi. Diplomatik yozishmada xalqaro hayot va tashqi siyosat, davlatlararo ikki tomonlama yoki ko’p tomonlama munosabat masalalari yoritiladi. Mazkur hujjatlarni tayyorlash davlat va unga tegishli muassasalar diplomatik faoliyatining muqim sohasi sanaladi.