DIPLOMATIYA TILI

DIPLOMATIYA TILI — 1) diplomatik aloqalar va xalqaro shartnomalar tili. Hozirgi vaqtda majburiy Diplomatiya tili yo’q. Umumiy qoidaga binoan tashqi aloqa organlarida o’z milliy tillari qo’llanadi. Ayrim istisnolardan tashqari, ikki tomonlama xalqaro shartnomalar, shuningdek, ishtirokchilari soni cheklangan ko’p tomonlama shartnomalar mazkur tomonlarning tillarida tuziladi. Xalqaro tashkilotlarda va konferentsiyalarda tillar tegishli tartib-qoidalar asosida ishlatiladi. Ushbu anjumanlarda tillar rasmiy tillarga (ularda barcha eng muhim diplomatik hujjatlar tuziladi) va ish yuritiladigan tillarga (shu tillarda munozara olib boriladi, loyiha va hokazolar tuziladi) bo’linadi. BMT Bosh Assambleyasida rasmiy va ish yuritiladigan 6 tildan — Arab, ingliz, ispan, rus, frantsuz va Xitoy tillaridan foydalaniladi. BMT doirasida va rahbarligida qabul qilinadigan ko’p tomonlama xalqaro shartnomalar (ayniqsa, umumiy tusdagilari) bir xil matnga ega bo’lib, qoida tariqasida BMT rasmiy tillarida tuziladi; 2) diplomatik lug’atga kirgan maxsus terminlar va iboralar (masalan, agreman, statuskvo, retorsiyalar va hokazolar).