DISPERS SISTEMALAR
DISPERS SISTEMALAR – ikki yoki undan ortiq fazalarning tekis tarqalgan mayda zarralaridan tuzilgan geterogen sistemalar. Odatda, fazalardan biri uzluksiz dispersion muhit hosil qilib, boshqa fazalar (bir yoki bir nechta dispersion fazalar) esa shu muhitda mayda kristallar, qattiq amorf zarralar, tomchilar yoki pufakchalar shaklida bir tekis tarqaladi. Dispers sistemalar murakkab tuzilishga ega bo’lishi ham mumkin, uzluksiz dispersion muhit hosil qila oladigan, bir-birining hajmiga singib ketgan ikki fazadan iborat sistema bunga misol bo’la oladi. Dispers sistemalar zarralarning katta-kichikligiga qarab ikki guruhga bo’linadi: 1) dispers faza zarralari 1 mkm va undan katta bo’lgan dag’al Dispers sistemalar (suspenziya, tutun, tuman, emulsiya va boshqalar); 2) dispers faza zarralari 1 nm dan 1 mkm gacha bo’lgan kolloid sistemalar. Dispers faza zarralari 1 nm gacha (atomlar va kichik molekulalar o’lchamiga teng) bo’lgan zarralardan tuzilgan sistemalar chin eritmalarni tashkil etadi. Dispers sistemalarning fizik-kimyoviy xossalari dispers faza bilan dispersion muhit orasidagi molekulalararo bog’lanishga hamda ular orasida hosil bo’ladigan yuzaga bog’liq. Dispers sistemalarning xossalari kolloid kimyova o’rganiladi.