DISPERSIYA

DISPERSIYA (lotincha dispersio — tarqalish, sochilish) — 1) matematikada — tasodifiy miqdor Dispersiyasi; tasodifiy miqdorning matematik kutilish atrofidagi zichligi darajasini aks ettiradigan tushuncha. Ta’rifga ko’ra Dispersiya tasodifiy miqdor bilan uning matematik kutilishi orasidagi ayirma kvadratining matematik kutilishiga teng. 2) fizikada — o’rganilayotgan fizik kattalikning tasodifan o’lchangan qiymati uning o’rtacha qiymatlaridan farklanishi darajasi. Tajribada esa Dispersiya deb tasodifiy o’lchangan qiymatlarni ularning o’rtacha arifmetik qiymatidan og’ishishlari kvadratlarining o’rtacha arifmetik kattaligi tushuniladi. Fizikada, masalan, quyidagi iboralar mavjud: 1. Elektromagnit to’lqinlar Dispersiyasi — muhitda tarqalayotgan elektromagnit to’lqinlar tezligining to’lqin chastotasi (to’lqin uzunligi) ga bog’likligi. 2. Dielektrik kirituvchanlik Dispersiyasi — o’zgaruvchan elektromagnit maydonga joylashgan modda dielektrik kirituvchanligining shu maydon tebranishlar chastotasiga bog’likdigi. 3. Yorug’lik Dispersiyasi — yorug’likning difraktsiyalanishi, interferentsiyalanishi va ikki muhit chegarasida sinishi natijasida monoxromatik tashkil etuvchilarga, ya’ni spektrga ajralishi. Xususiy holda, yoruglik Dispersiyasi — muhitning mutlaq sindirish ko’rsatkichining shu muhitga tushayotgan yorug’lik chastotasiga bog’liqligini ko’rsatadi.