DISTRIBYUTOR

DISTRIBYUTOR, Distributor (inglizcha distributior — taqsimlash) — mintaqaviy (mahalliy) bozorlarda muayyan turdagi tovarlarni ko’tara sotib olish va sotish bilan shug’ullanuvchi firma yoki tadbirkor. Distribyutor tovar ishlab chiqaruvchi korxona bilan tuzilgan uzoq muddatli shartnoma asosida o’z nomidan va o’z hisobidan ish yuritadi. Maxsus Distribyutorlik bitimida tayyor mahsulotni sotuv oldidan ko’rsatilgan xizmat uchun tovarning ko’tara narxiga qo’yiladigan ustamalar me’yori; tovarning ko’tara narxidan chegirma; tovar partiyasining hajmi va uni etkazib berish tartibi; to’lov turlari va boshqalar aks etadi. Ustama (chegirma) lar Distribyutorning daromad manbai hisoblanadi. Distribyutor tovarni sotishdan tashqari marketing xizmatini ko’rsatadi, shuningdek, sotib olingan texnik jihozlar, uskunalar (masalan, kompyuterlar va uning yordamchi jihozlari) ni o’rnatish, ishga tushirish, ulardan foydalanishga o’rgatish, ehtiyot qismlarni sotish, ta’mirlash va boshqa ishlarni ham bajarishi mumkin. Bunday xizmatlar Distribyutorlik xizmati deyiladi. Distribyutor tarmog’ining asosiy vakolatxonasi Bosh Distribyutor hisoblanadi. Bosh Distribyutor tovar ishlab chiqaruvchi korxonaning muayyan bozordagi asosiy vakili hisoblanadi va tayyor mahsulotni sotish shu vakil orqali yoki korxonaning o’z agentlik tarmog’i orqali amalga oshiriladi.