Dollar belgisi — $ haqida beshta band
Bundan 243 yil oldin, 1778 yilning aprelida sizu bizga juda tanish, dunyo valyutasiga aylangan AQSh dollarini anglatuvchi $ belgisi o’ylab topilgan. Hozirda ko’pchilik uchun pulni anglatuvchi ushbu belgini tarixni o’zgartirgan belgilar Top-10 taligiga bemalol kiritishimiz mumkin. Biroq bu belgining kelib chiqish tarixini bilamizmi? «Bugun.uz» beshta bandda ushbu belgining kelib chiqish tarixi hamda ahamiyati haqida hikoya qiladi.
$ qanday paydo bo’lgan? Uning kelib chiqishi bo’yicha o’nlab taxminlar mavjud. Ular orasida kamroq ommalashgan, biroq eng haqiqatga yaqin bo’lgani asli irland millatiga mansub yangi orleanlik biznesmen Oliver Pollok tomonidan birinchi marta pesoni ifodalash uchun ishlatgan $ belgisi hisoblanadi. O’sha davrda ispan pul birligi hisoblangan pesoning ko’plik shakli qisqartmasi (ispancha pesos) «Ps» yoki «Ps» shaklida pul birligini ifodalashda qo’llanib kelingan. Keyinroq katta «P» harfi ustiga kichik «s» harfi bostirib yozilgan. Oliver Pollok esa 1778 yil 1 aprel kuni kongressmen Robert Morrisga yozgan xatida bir miqdorni avval «Ps» belgisi bilan, keyin esa zamonaviy $ bilan yozdi. Bu birinchi marta ushbu belgi yozilgan xujjat sifatida tarixda qoldi. Keyinchalik rasmiy hujjatlarda Morris uni qo’llay boshladi.
Yana bir versiyaga ko’ra, «United States» birikmasidagi bosh harflarning ustma-ust yozilishidan kelib chiqqan. Bunda dollar belgisining ustidan o’tkazilgan ikkita vertikal chiziq aynan «U»ning qo’llanilishidan saqlanib qolgan, degan fikrlar bor. Ushbu farazni birinchi bor doktor Jeyms Alton Jeyms o’rtaga tashlagan va uning asoschi otalaridan biri Robert Moris o’ylab topgan, deb hisoblaydi.
Nega buni bilishimiz kerak? Bugun dunyoda eng ko’p muomalada bo’lgan pul birliklari ichida dollarning ahamiyati biz uchun yuqori. Hayotimizning qaysi jabhasiga qaramaylik, asosan, mehnat migrantlari va eksport qilish orqali qo’limizga yetib keladigan hamda odamlar orasida o’zaro hisob-kitob qilish, baholash ishida birinchi tilga oladiganimiz dollar va biz uni yozuvda osongina qilib $ shaklida foydalanib kelamiz. Uning qaerdan va qanday qilib paydo bo’lgani biz uchun, albatta, qiziq va foydali bo’lishi turgan gap.